Ukraina, YeI va AQSH takliflarining aksariyati bizga to‘g‘ri kelmaydi – Ushakov
Olam
−
22 dekabr 3278 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov kecha, 21 dekabr kuni Mayamida AQSH, Yevropa va Ukraina tomonlari o‘tkazgan muzokaralar yakunlarini sharhlab, ushbu muzokaralarda ishlab chiqilgan takliflarning ko‘pchiligi Moskvaga “kategorik tarzda to‘g‘ri kelmasligini” bildirdi. Bu haqda u “Rossiya 1” telekanalidagi “Moskva. Kreml. Putin” dasturi boshlovchisi Pavel Zarubin bilan intervyuda ma’lum qildi.
Ushakov ta’kidladiki, Kremlning rasmiy pozitsiyasi maxsus elchi Kirill Dmitriyev 22 dekabr kuni Rossiyaga qaytib, Prezident Vladimir Putinga muzokaralar natijalari haqida hisobot bergandan so‘ng belgilanadi.
“Hozir janob Dmitriyev Mayamida safarda va u amerikaliklar Yevropa va ukrainaliklardan olgan ma’lumotlarni olib keladi. Biz buni muhokama qilamiz, nima qabul qilinishi mumkinligini, nima qat’iy qabul qilinmasligini ko‘ramiz”, dedi Ushakov.
Uning fikricha, ko‘pchilik takliflar Rossiya uchun “kategorik tarzda to‘g‘ri kelmaydi”, chunki Moskva Ankorijda va AQSH vakillari bilan boshqa uchrashuvlarda kelishilgan shartlarga amal qiladi.
Shu bilan birga, Ushakov ma’lum qildiki, Dmitriyev AQSHdagi aloqalari haqida “ba’zi ma’lumotlarni” allaqachon berib bo‘lgan.
Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustam Umarov, Mayamidagi AQSH–Ukraina formatidagi uchrashuvni “konstruktiv” deb baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvda asosiy e’tibor to‘rt muhim hujjatga qaratildi: AQSHning Ukraina uchun 20 bandlik tinchlik rejasini rivojlantirish, ko‘p tomonlama xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risidagi ramkaviy kelishuvni muvofiqlashtirish, AQSH tomonidan berilgan ikki tomonlama xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha kelishuv va iqtisodiy rivojlanish rejasi.
Ukraina delegatsiyasiga general-leytenant Andrey Gnatov ham kirgan. AQSH tomonidan maxsus elchi Stiv Uitkoff, Trampning kuyovi Jared Kushner va Oq uy xodimi Josh Gryunbaum ishtirok etdi. Shuningdek, Yevropa asosiy milliy xavfsizlik maslahatchilari ham qo‘shilib, Ukraina, AQSH va Yevropa uchun umumiy strategik yondashuvni muvofiqlashtirdi.
Stiv Uitkoffning ta’kidlashicha, Kirill Dmitriyev Floridada so‘nggi ikki kun davomida AQSH delegatsiyasi bilan Donald Trampning Ukraina bo‘yicha tinchlik rejasini ilgari surish maqsadida samarali va konstruktiv uchrashuvlar o‘tkazdi.
Live
Barchasi