Ukraina va Vengriya o‘rtasida ishonchsizlik bor – Kuleba 

Olam

image

Kecha, 29 yanvar kuni Ukrainaning Ujgorod shahrida Prezident devoni rahbari Andrey Yermak, Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba va uning vengriyalik mavqedoshi Piter Siyyarto o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralarning rasmiy maqsadi Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning uchrashuvi uchun zamin yaratishdan iborat edi. Biroq TIV rahbarlarining olti soatlik uchrashuvi kutilganidek samara bermadi. Bu haqda Dmitriy Kuleba “Ukrinform" agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi

"Biz bir-birimizning maqsadlarimiz to‘g‘risida ochiqchasiga gaplashib oldik. Bir-birimizga hamma narsani tushuntirdik. Vengerlar bizga ishonmaydi, bizda ham turli holatlar tufayli ularga ishonchsizlik bor", deydi Kuleba.

Aytilishicha, muzokaralar davomidagi asosiy masalalardan biri Ukrainadagi venger milliy ozchiligining huquqlari masalasi bo‘lgan.

"Mening tajribam shuni ko‘rsatadiki, biz vengerlar bilan ishonchsizlikni bartaraf etish uchun gaplashishimiz kerak", deydi Kuleba. 

U buning uchun maxsus komissiya tuzilganini qo‘shimcha qildi.

O‘z navbatida, Vengriya TIV rahbari uchrashuvdan so‘ng o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida tomonlar ishonch muhitini tiklash uchun “ko‘p yo‘l bosib o‘tishlari kerakligini aytdi. 

Vengriyaning Ukrainaga qarshi asosiy shikoyatlari Zakarpatiyadagi etnik vengerlarning ahvoli bilan bog‘liq. Ularning huquqlari sakkiz yil avval, Ukraina hukumati milliy ozchiliklarga qarshi qonunlarni kuchaytirgach, poymol qilina boshlangan.

Muzokaralar yakuniga ko‘ra, Ujgoroddagi uchrashuvda Vengriya talablarining 11 bandi sarhisob qilingani, ular Ukraina tomonidan o‘rganilishi ma’lum qilindi. Ushbu masalalar yuzasidan takliflar tayyorlaydigan hamda Vengriya va Ukraina Tashqi ishlar vazirlariga taqdim etadigan ikki tomonlama komissiya tuzishga qaror qilindi.

Qayd etish joizki, Budapesht uzoq vaqtdan beri Kiyevdan Zakarpatiyadagi venger ozchiligining huquqlarini tiklashni talab qilmoqda va aks holda Ukrainaning Yevropa integratsiyasi istagini qo‘llab-quvvatlamasligi haqida bir necha bor ogohlantirgan. 2023 yil 8 dekabrda Oliy Rada Yevropa Kengashining maslahat organi bo‘lgan Venetsiya komissiyasining tavsiyalarini inobatga olgan holda milliy ozchiliklar huquqlari to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. Hujjat Yevropa Ittifoqining rasmiy tillaridan foydalanadigan milliy ozchiliklar uchun til cheklovlarini bekor qilishni nazarda tutadi. Vengriya hukumati qonunning amalda qanday tatbiq etilishini ko‘rib chiqishini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina Vengriya Dmitriy Kuleba Andrey Ermak Ujgorod Piter Siyyarto

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing