Ukraina Turkiyaga harbiylarini yubormoqchi
Olam
−
22 Sentabr 17622 2 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Turkiya va Buyuk Britaniyaga ukrain harbiylarini yuborishni rejalashtirmoqda. Bu haqdagi qonun loyihasi bugun, 22 sentyabr kuni Oliy Rada saytida e’lon qilindi.
Izoh xatida aytilishicha, xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat Ukrainadan boshqa davlatlarda harbiylarni tayyorlashni talab qilmoqda. Biroq hozircha bu ishni dengiz yo‘li orqali amalga oshirishning imkoni yo‘q, chunki Turkiya 1936 yilgi Montro konvensiyasiga binoan Bosfor va Dardanelli bo‘g‘ozlarini urushayotgan davlatlarning harbiy kemalari uchun yopib qo‘ygan.
Qonun qabul qilinsa, u milliy xavfsizlik va mudofaa bilan bog‘liq tadbirlarni amalga oshirish imkonini beradi. Loyiha quyidagilarni nazarda tutadi:
- Turkiyaga – Ukraina harbiy-dengiz kuchlari tarkibidagi “Getman Ivan Mazepa” korveti jo‘natiladi. Unda xizmat qiluvchi odatiy (shtatdagi) ekipaj soni 106 nafar harbiydan iborat bo‘ladi.
- Buyuk Britaniyaga – “Cherkassi”, “Chernigov”, “Mariupol”, “Melitopol” va “Genichesk” nomli qarshi minalar kemalari yuboriladi. Har birining ekipajida 39 nafar harbiy bo‘ladi. Shuningdek, Ukraina harbiy-dengiz kuchlari floti 1-divizioni qarshi minalar kemalari boshqarmasidan yana 20 nafar harbiy yuborilishi rejalashtirilgan.
Hujjatda qayd etilishicha, bu nafaqat tayyorgarlik jarayonlarini, balki xorijiy davlatlardan harbiy texnikani olish, bo‘linmalarni to‘ldirish va texnikadan foydalanishga o‘rgatishni ham jadallashtiradi.
Ma’lumot uchun, Montro konvensiyasi 1936 yilda imzolangan xalqaro bitim bo‘lib, Bosfor va Dardanelli bo‘g‘ozlari orqali harbiy va fuqarolik kemalarining o‘tishini tartibga soladi. U Turkiyaga nazorat vakolatini beradi, neytral va Qora dengiz bo‘yidagi davlatlarning huquqlarini belgilaydi va xorijiy davlatlarning harbiy kemalari og‘irligi hamda Qora dengizda qolish muddatini cheklaydi.
“Getman Ivan Mazepa” korveti esa Ada klassidagi qarshi suvosti kemasi bo‘lib, Turkiya tomonidan Ukraina uchun Istanbuldagi kemasozlik zavodida yasalgan. 2024 yilning martida ukrain harbiylari unda xizmat qilish uchun tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida xabar qilingan.
Live
Barchasi