Ukraina Turkiyadan 70 ta ATACMS ballistik raketasini sotib olmoqchi
Olam
−
11:42 936 2 daqiqa
Kiyev Turkiyadan AQSHda ishlab chiqarilgan 70 ta ATACMS ballistik raketa, 12 ta M270 raketa qurilma va kasseta o‘q-dorilarini sotib olmoqchi. Bu haqda AQSH Davlat departamentining Kongressga yuborgan hujjatida qayd etildi.
Ma’lum qilinishicha, AQSH Davlat departamenti mazkur qurollarni Turkiyadan Ukrainaga yetkazib berishga ruxsat berishga tayyorligini bildirgan.
Unga ko‘ra, rejalashtirilayotgan qurol-yarog‘ paketi tarkibiga 70 ta M39 ATACMS operativ-taktik raketasi, 12 ta M270 MLRS raketa qurilmasi, 2,5 mingdan ortiq boshqarilmaydigan M26 raketalari hamda 47 ming dona 203 millimetrli kasseta artilleriya snaryadi kiradi.
Yetkazib berishlarning umumiy qiymati taxminan 280 million dollarga baholanmoqda. ATACMS raketalarining dastlabki qiymati esa qariyb 28 million dollarni tashkil etadi.
AQSHda ishlab chiqarilgan qurollarni Turkiya zaxiralaridan uchinchi davlatga topshirish uchun Vashingtonning roziligi talab etiladi. Davlat departamenti tegishli hujjatlarni joriy yilning 3 avgust kuni Kongressga taqdim etgan.
Kongress hujjatlarni ko‘rib chiqish uchun 15 kalendar kun muddatga ega. Agar shu vaqt ichida Vakillar palatasi va Senat bitimni bloklash to‘g‘risida qo‘shma rezolyutsiya qabul qilmasa, AQSH hukumatining reeksportga bergan roziligi avtomatik ravishda kuchga kiradi.
Shu bilan birga, AQSH Vakillar palatasi joriy yilning 31 avgustigacha, Senat esa 14 sentyabrgacha ta’tilda bo‘ladi.
Davlat departamenti hujjatlarida qurollarni Ukrainaga topshirish AQSHning xavfsizlik sohasidagi maqsadlariga mos kelishi qayd etilgan. Turkiya eskirgan qurol-yarog‘ zaxiralarini qisqartirib, resurslarini armiyani modernizatsiya qilishga yo‘naltirmoqchi. Ukraina esa ushbu qurollar orqali o‘zining o‘t ochish salohiyatini kuchaytirishni maqsad qilgan.
Qurollarni Ukrainaga yetkazib berish Turkiyaning MKE AS, ASFAT va ARCA Savunma, Bolgariyaning VTIC International hamda AQSHning Pansophico va Patriot Defense Group xususiy kompaniyalari orqali amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, ATACMS (Army Tactical Missile System) – “yer-yer” sinfidagi ballistik raketa bo‘lib, 300 kilometrgacha masofadagi nishonlarni urishi mumkin. U GPS orqali tuzatib bo‘lmaydigan inersial boshqaruv tizimiga ega. Raketaning 560 kilogramm og‘irlikdagi kasseta jangovar kallagi 950 ta M74 subo‘q-dorisini o‘z ichiga oladi.
Hozirda AQSH armiyasi ATACMS raketalarini zamonaviyroq Precision Strike Missile tizimlari bilan almashtirmoqda. Ushbu raketalar 500 kilometrgacha masofadagi nishonlarni yo‘q qila oladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Pxenyan Rossiya hududiga ittifoqchisini qo‘llab-quvvatlash uchun 30 – 50 ming nafargacha Shimoliy Koreya harbiylari yuborilishi rejalashtirilganini aytgandi.
Live
Barchasi