Ukraina Tramp uchun “yangi Afg‘oniston”ga aylanishi mumkin – OAV

Olam

image

Ukraina mojarosi AQSH Prezidenti Donald Tramp uchun avvalgi prezident Jo Baydenning Afg‘onistondagi inqiroziga o‘xshash sinovga aylanishi mumkin. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.

Garchi AQSHning Ukrainadagi ishtiroki 20 yillik Afg‘oniston kampaniyasidan farq qilsa-da, nashr Tramp bilan bog‘liq ayrim o‘xshashliklarni ko‘rsatmoqda. Eng katta sabab sifatida muammoning yechimi murakkab bo‘lib borayotgani va mojaro cho‘zilgan sari uning natijalari uchun aynan Tramp javobgar bo‘lib qolish ehtimoli ortayotgani ko‘rsatilgan.

Nashr, shuningdek, Trampning Ukrainadagi vaziyatga chuqurroq aralashuvi “Amerikani yana buyuk qilamiz” harakatiga mansub tarafdorlari orasida norozilikni keltirib chiqarishi mumkinligini yozgan. Biroq agar u Rossiya harakatlariga nisbatan passiv pozitsiyada qolib, Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirmasa, unga yetarlicha harakat qilmaganlik uchun tanqidlar yog‘ilishi ham mumkin.

Ma’lumot uchun, 2021 yilning avgustida “Tolibon” Afg‘oniston hukumat kuchlariga qarshi hujumlarini kuchaytirgan va 15 avgust kuni Qobul shahriga kirib, urushning yakunlanganini e’lon qilgan edi. So‘nggi ikki hafta davomida G‘arb davlatlari fuqarolari hamda ular bilan hamkorlik qilgan afg‘onlarning Qobul aeroporti orqali shoshilinch evakuatsiyasi amalga oshirilgan. Ushbu aeroportni AQSH harbiylari qo‘riqlab turgan edi.

2021 yil 31 avgust tongida AQSH qo‘shinlari Qobulni butunlay tark etib, mamlakatdagi 20 yillik harbiy ishtirokiga nuqta qo‘ygan. Ko‘plab amerikalik siyosatchilar bu chiqishni “sharmandali qochish” deb baholagan edi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Ukraina Jo Bayden

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing