Ukraina TIV rahbari arab dunyosi va Afrika davlatlariga safar qiladi
Olam
−
23 Oktabr
2172Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga Tinchlik formulasini ilgari surish maqsadida arab dunyosi va Afrikaning to‘rtta davlatiga tashrif buyuradi. Bu haqda bugun, 23 oktyabr kuni Ukraina Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
“Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga Turkiyaga tashrifini yakunlagach, Prezident Vladimir Zelenskiy nomidan Tinchlik formulasini ilgari surish, siyosiy muloqotni rivojlantirish, Ukrainaga gumanitar va energetik yordamni birlashtirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida arab dunyosi va Afrikaning to‘rtta davlatiga tashrif buyuradi”, deyiladi xabarda.
Xususan, 23-28 oktyabr kunlari TIV rahbari Ummon Sultonligi, Angola Respublikasi, Misr Arab Respublikasi va Janubiy Afrika Respublikasiga tashrif buyuradi.
“23 oktyabr kuni vazir Ummon Sultonligi siyosiy rahbariyati va Ukraina hamjamiyati bilan muzokaralar o‘tkazadi. 24 va 25 oktyabr kunlari Tashqi ishlar vaziri Angolada bo‘ladi. Uning Luandada bir qator Angola rasmiylari bilan muzokaralari va Angola ukrainlari bilan uchrashuvi rejalashtirilgan”, deya xabar beradi TIV.
26 oktyabr kuni vazir Misr Arab Respublikasiga boradi. Qohirada u Misr rasmiylari va Arab davlatlari ligasi rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazadi, ikki tomonlama hujjatlarni imzolaydi va Ukraina jamoatchiligi bilan uchrashadi.
27-28 oktyabr kunlari Andrey Sibiga Janubiy Afrika Respublikasiga tashrif buyuradi. Yoxannesburgda u Janubiy Afrika rasmiylari, ishbilarmon doiralar vakillari, yetakchi ekspertlar va Ukraina jamoatchiligi bilan muzokaralar o‘tkazishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda Oliy Rada Ukraina Tashqi ishlar vazirining sobiq birinchi o‘rinbosari Andrey Sibiga yangi Tashqi ishlar vaziri etib tayinlanishini ma’qullagandi.
LiveBarchasi