Ukraina tinchlik evaziga hududlarini bermaydi – Yermak
Olam
−
28 noyabr 2025 4318 2 daqiqa
Ukrainada Vladimir Zelenskiy Prezident ekan, mamlakat hududlari tinchlik evaziga berilmaydi. Bu haqda Prezident idorasi rahbari Andrey Yermak kecha, 27 noyabr kuni “The Atlantic” muxbiri Saymon Shuster bilan suhbatda ma’lum qildi.
“Bugun biron aql-idrokka ega odam hududlarni berish bo‘yicha hujjatni imzolamaydi. Zelenskiy Prezident ekan, hech kim hududlarni berishimizni kutmasin. U hududlarni berish bo‘yicha hujjatni imzolamaydi. Konstitutsiya buni taqiqlaydi. Hech kim buni qila olmaydi”, deya urg‘ulagan Yermak.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina faqat Rossiya tomonidan nazorat qilinadigan hududlarni ajratib turuvchi chiziq qayerda bo‘lishi mumkinligi masalasini muhokama qilishga tayyor.
“Hozirgi paytda biz haqiqatan ham muhokama qiladigan yagona narsa – bu aloqador chiziqni belgilash. Shu ishni amalga oshirishimiz kerak”, degan Prezidenti idorasi rahbari.
Saymon Shusterning qayd etishicha, Yermak bu safar Rossiya-Ukraina mojarosini tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha keyingi muzokarada Ukrainaning pozitsiyasini birinchi marta bayon qilgan.
Oldinroq, Ukraina AQSH bilan muzokaralarda Amerika tomoni taklif qilgan tinchlik rejasidagi ko‘pchilik shartlarni kelishgan. AQSH Prezidenti Donald Trampning so‘zlariga ko‘ra, tinchlik rejasidagi 28 band dastlab 22 taga qisqartirilgan. Shu bilan birga, hududlar masalasi va Ukrainaning NATOga qo‘shilishi hanuz hal qilinmagan bo‘lib, bu masalalar Zelenskiy va Tramp uchrashuvida muhokama qilinishi kutilmoqda.
Amerika hukumati Ukraina AQSH bilan tinchlik bo‘yicha kelishuvni 27 noyabrgacha imzolashini kutgan. Andrey Yermak Zelenskiy imkon qadar tezroq Tramp bilan uchrashmoqchi ekanini aytgan, ammo hozirga qadar Prezidentlar uchrashmagan. Tramp o‘z vakillariga Ukraina va Rossiya yetakchilari bilan uchrashib, reja bo‘yicha kelishishni topshirgan.
Eslatib o‘tamiz, kelasi hafta AQSH Prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashishi haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi