Ukraina terrorchi guruhlari Rossiyadagi AESlarga hujumga tayyorlanmoqda – Narishkin
Olam
−
11 Oktabr 2023
5432G‘arb razvedka xizmatlari Ukrainaning sabotaj va terrorchi guruhlarini Rossiyadagi atom energetika ob’ektlariga hujum qilishga tayyorlamoqda. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Tashqi razvedka xizmati direktori Sergey Narishkin MDHga a’zo davlatlar xavfsizlik organlari va maxsus razvedka xizmatlari rahbarlari kengashining 53-yig‘ilishi doirasida jurnalistlarga ma’lum qildi, deb yozmoqda TASS.
"Vaziyat shu darajaga yetdiki, G‘arb razvedka xizmatlari Ukraina jangovar sabotaj va terrorchi guruhlarini Rossiya Federatsiyasining atom energetika ob’ektlariga hujum qilishga tayyorlamoqda. Bu aniqlandi. Albatta, maxsus xizmatlarimiz tomonidan bunday xatti-harakatlarning oldi olindi. Kursk, Smolensk va Zaporoje atom elektr stansiyalariga zarar yetkazishga urinishlar bo‘lgan va, albatta, bunday sharoitda G‘arb razvedka xizmatlari bilan o‘zaro aloqa darajasini saqlab qolish allaqachon qiyin”, deydi Narishkin.
Uning ta’kidlashicha, G‘arb Ukrainadan Rossiya Federatsiyasiga qarshi kurashda foydalanmoqda. Kiyev rejimi esa Rossiyaga, butun rus dunyosiga qarshi chinakam terrorchilik usullaridan foydalanadi.
“Bu bir qator jurnalistlar, yozuvchilar va jamoatchilik fikri yetakchilariga qarshi uyushtirilgan teraktlarda ham namoyon bo‘lmoqda”, deydi u.
Tashqi razvedka xizmati direktori terrorizmning kuchayishi, Afg‘oniston, Suriya, Iroq va Liviyadan kelayotgan terror tahdidlari haqida gapirar ekan, buning sababi noqonuniy bosim, ba’zan Amerika Qo‘shma Shtatlari va uning ittifoqchilarining ushbu davlatlarga qarshi to‘g‘ridan-to‘g‘ri qurolli tajovuzkorligi ekanini aytdi.
“Ammo shunga qaramay, dunyoda katta voqealar sodir bo‘lmoqda, dunyo ko‘p qutblilikka o‘tish bosqichida va Rossiya razvedka xizmatlari boshqa davlatlar, global janubiy davlatlar razvedka xizmatlari bilan keng miqyosda o‘zaro aloqada va hamkorlik qilmoqda. Xususan, hamkorlarimiz, do‘stlarimiz va MDH davlatlari razvedka xizmatlaridagi o‘rtoqlarimiz bilan”, deya xulosa qilgan Narishkin.
LiveBarchasi