Ukraina ssenariysi Armanistonda takrorlanishi mumkin – Lukashenko
Olam
−
12:48 2196 2 daqiqa
Belarus rezidenti Aleksandr Lukashenko Armaniston Rossiya va Yevropa o‘rtasidagi tanlovda ehtiyotkor bo‘lishi kerakligini, aks holda Ukraina boshidan kechirgan voqealar takrorlanishi mumkinligini aytdi. Bu haqda u Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi sammiti yakunlari bo‘yicha so‘zlagan nutqida ma’lum qildi.
Lukashenkoning fikricha, Armanistonda YeOIIdan chiqish va Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish haqidagi bayonotlar asosan 7 iyun kuni bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlari bilan bog‘liq. U respublika rahbariyatining bu masaladagi yondashuvini xato deb baholagan.
“Armanlar juda ehtiyot bo‘lishlari kerakki, Xudo asrasin, Ukrainada yuz bergan voqealar takrorlanmasin. Ukrainada ham hammasi xuddi shunday boshlangan edi. Buni yaxshi eslaysizlar. Yaqinda bir urushni boshdan kechirgan arman xalqi yana og‘ir vaziyatga tushib qolmasligi kerak. Rossiya va Yevropa o‘rtasida tanlov qilishdan oldin arman xalqi juda jiddiy o‘ylab ko‘rishi lozim”, degan Lukashenko.
Avvalroq, YeOII davlatlari rahbarlari sammit yakunida Armanistonda Yevropa Ittifoqi va YeOII o‘rtasidagi tanlov bo‘yicha referendumni imkon qadar tezroq o‘tkazish tarafdori ekanliklarini bildirgan edi.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham Armaniston Yevropa Ittifoqi va YeOII o‘rtasida imkon qadar tezroq qaror qabul qilishi kerakligini aytib, bu holda “yumshoq va madaniyatli ajralish” mumkinligini ta’kidlagan.
Biroq Armaniston Tashqi ishlar vaziri Ararat Mirzoyan mamlakat Moskva bilan “ajrashmoqchi emasligi”ni bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Armaniston va Rossiya ko‘plab rishtalar bilan bog‘langan hamkorlar bo‘lib qolmoqda.
Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan esa YeOIIdan chiqish masalasi Yerevan kun tartibida yo‘qligini ma’lum qilgan. Shu bilan birga, u Qozog‘istonda o‘tgan ittifoq sammitida ishtirok etmadi va bunga saylovoldi tadbirlarini sabab qilib ko‘rsatdi.
Live
Barchasi