Ukraina Sochidagi havo mudofaasi va neft zavodiga zarba berdi (video)
Olam
−
15:36 1481 2 daqiqa
Ukraina dronlari bugun, 4 sentyabrga o‘tar kechasi Rossiyaning Krasnodar o‘lkasidagi Sochi shahri va Sirius posyolkasiga hujum qildi. Zarba oqibatida neft bazasi hududida yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda “Meduza” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, neft bazasi qaysi kompaniyaga tegishli ekani rasman ma’lum qilinmagan. Biroq “Astra” nashri ushbu ob’ekt Adler tumanida joylashgan “Rosneft-Kubannefteprodukt” kompaniyasiga qarashli ekanini yozgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hujum oqibatida jabrlanganlar yo‘q. Shuningdek, bir nechta turarjoy binolari va boshqa inshootlarning oynalari shikastlangan. Hujumdan so‘ng Sochi osmonida qora tutun ko‘ringan.
Ukrainaning monitoring Telegram-kanallari ma’lumotlariga ko‘ra, dronlar havo hujumidan mudofaa tizimlariga ham hujum qilgan. Ular S-300 yoki S-400 zenit-raketa majmualari nishonga olinganini bildirgan.
“Astra” nashri guvohlarning foto va videolariga tayanib, zarbalardan biri Sirius posyolkasi yaqinidagi Psou daryosi hududiga tushganini yozgan. Mazkur hududda S-300 yoki S-400 majmualari bilan jihozlangan havo hujumidan mudofaa divizioni joylashgan. Zarba berilgan joyda yong‘in boshlangan. Biroq mahalliy hokimiyat va Rossiya Mudofaa vazirligi havo hujumidan mudofaa ob’ektiga zarba berilgani haqida ma’lumot bermagan.
Shuningdek, ma’lumotlarga ko‘ra, dronlar Boshqirdistondagi “Sterlitamak” neft-kimyo zavodiga ham hujum qilgan. Bundan tashqari, mudofaa sanoatiga qarashli “Avangard” federal davlat korxonasiga hujum uyushtirilgani ma’lum qilingan. Mahalliy rasmiylar bu hujumlar haqida xabar bermagan. Kechasi Boshqirdiston hududida havo hujumi xavfi e’lon qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya qo‘shinlari Kiyevdagi universitetlardan biriga darslar davom etayotgan paytda “Shahed” dronlari bilan zarba bergan edi.
Live
Barchasi