Ukraina sobiq prezidentining yordamchisi otib ketildi
Olam
−
21 may 8953 2 daqiqa
Ispaniyaning Madrid shahrida ukrainalik siyosatchi va sobiq prezident Viktor Yanukovichning yordamchisi Andrey Portnov otib o‘ldirildi. Bu haqda “El Pais” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Portnov voqea sodir bo‘lgan paytda farzandlarini maktabga olib borayotgan edi. Manba xabariga ko‘ra, noma’lum qurollangan shaxs (yoki bir necha kishi) Portnovni Madridning Posuelo tumanida joylashgan Amerika maktabi oldida ertalab otib ketgan. Politsiyaga hodisa haqida soat 9:15 da qo‘ng‘iroq bo‘lgan. Erkakka bir necha marta o‘q uzilgan.
Hozirda Ispaniya politsiyasi suiqasd ortida kim turganini aniqlash bo‘yicha tergovni boshlagan.
“The Independent” nashrining yozishicha, Andrey Portnov Ukrainadagi siyosiy rejim almashganidan so‘ng, Yevropa Ittifoqi va Kanada tomonidan sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan. U sobiq hokimiyat vakili sifatida G‘arb tomonidan tanqid ostiga olingan.
Ma’lumot uchun, Portnov 1973 yilning 27 oktyabrida Lugansk shahrida tug‘ilgan. Yuridik ma’lumotga ega bo‘lib, 2006 yilda Yuliya Timoshenko bloki safida xalq deputati etib saylangan. U 2008 yilda fraksiya rahbarining o‘rinbosari, keyinroq “Batkivshina” partiyasi a’zosi bo‘lgan va huquqiy bo‘limni boshqargan.
2010 yilda prezident ma’muriyatida yuqori lavozimni egallagan Portnov 2013 yilda Viktor Yanukovichning maslahatchisi, keyinchalik birinchi o‘rinbosariga aylangan. 2014 yil fevral oyida hokimiyat o‘zgargach, u ishdan bo‘shatilgan va Ukrainadan qochib ketgan. Avval Rossiyaga, so‘ngra Avstriyaga ko‘chgan. 2019 yilda Ukrainaga qaytgan, biroq Rossiya bilan urush boshlanganidan keyin yana chet elga chiqqan edi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil fevral oyida Rossiyaning Samara shahri sobiq meri Viktor Tarxov va uning rafiqasi Natalya Finlyandiyadan qaytib kelganidan keyin Samaradagi kvartirasida o‘ldirib ketilgan edi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr