Ukraina sobiq bosh vaziri deputatlarni sotib olishda ayblanmoqda (video)
Olam
−
14 yanvar 3742 4 daqiqa
Ukraina Milliy korrupsiyaga qarshi byurosi (UMKB) va Maxsus korrupsiyaga qarshi prokuratura (MKP) Oliy Rada fraksiyalaridan birining rahbariga nisbatan “noqonuniy manfaat taklif qilish” moddasi bo‘yicha ayblov e’lon qildi. Korrupsiyaga qarshi organlarning matbuot bayonotida gumonlanuvchining ismi keltirilmagan, biroq MKP matbuot kotibi Olga Postolyuk RBK-Ukrainaga bu Yuliya Timoshenko – Ukrainaning sobiq bosh vaziri va “Batkivina” fraksiyasi rahbari ekanini ma’lum qildi.
Timoshenkoga mansabdor shaxslarga noqonuniy manfaat taklif qilish (Ukraina Jinoyat kodeksining 369-moddasi 4-qismi) bo‘yicha ayblov qo‘yilgan. Ushbu modda bo‘yicha maksimal jazo – 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etish. MKP va UMKB ushbu ish doirasida, shuningdek, muayyan qonun loyihalari bo‘yicha ovoz berish evaziga pul olgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan boshqa fraksiyalardagi qariyb 20 nafar Rada deputatini ham tekshirmoqda.
Kecha, 13 yanvar oqshomida UMKB va MKP xodimlari Kiyevdagi “Batkivina” partiyasi ofisida tintuv o‘tkazgan. Tergov versiyasiga ko‘ra, 2025 yil dekabr oyida UMKB va MKP deputatlarni pora bilan sotib olish holatlarini aniqlaganidan so‘ng, Timoshenko ayrim xalq deputatlari bilan ovoz berish chog‘ida sodiq xatti-harakat evaziga noqonuniy manfaat berishning tizimli mexanizmini joriy etish bo‘yicha muzokaralarni boshlab yuborgan.
“Gap bir martalik kelishuvlar haqida emas, balki oldindan to‘lovlar nazarda tutilgan va uzoq muddatga mo‘ljallangan muntazam hamkorlik mexanizmi haqida borgan”, deyiladi xabarda.
UMKB, shuningdek, Timoshenko va deputatlar o‘rtasida Radada ovoz berish uchun to‘lov masalasi muhokama qilingan, deb da’vo qilinayotgan suhbat yozuvini e’lon qildi. E’lon qilingan audioyozuvga ko‘ra, deputatlarga Ukraina xavfsizlik xizmati rahbari lavozimidan Vasiliy Malyukni ozod etish, shuningdek, Raqamli transformatsiya vaziri Mixail Fyodorov va Mudofaa vaziri Denis Shmigalni ishdan bo‘shatish bo‘yicha ovoz berish yuzasidan ko‘rsatmalar berilgan. Yozuvda ayol ovozi: “Endi kadrlar masalasiga kelsak. Biz lavozimdan olish uchun ovoz beramiz va tayinlash uchun ovoz bermaymiz. Hammasi bo‘yicha”, deydi. Yozuvda ovoz berish uchun to‘lov masalasi ham muhokama qilinadi.
“Biz ikki sessiya uchun “o‘n” to‘laymiz, ikki sessiya uchun obuna tarzida to‘laymiz. Agar bugun kelishib olsak, kimlar siz bilan ekanini belgilab olamiz – sizmi yoki siz bilan birga kimlar bo‘lsa va men sizlarga berib boraman. Va kassaga berilgandek beraman”, deydi ayol ovozi.
UMKB e’lon qilgan videoda tergovchilar yuzi ko‘rsatilmagan ayol oldiga dollar pachkalarini qo‘yib chiqayotganini ko‘rish mumkin.
Timoshenko barcha ayblovlarni rad etmoqda. U ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida partiya ofisida o‘tkazilgan “go‘yoki shoshilinch tergov harakatlari” tun bo‘yi davom etganini yozdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 30 nafardan ortiq qurollangan erkak “hech qanday hujjat ko‘rsatmasdan binoni deyarli egallab olib, xodimlarni garovda ushlab turgan”. U korrupsiyaga qarshi organlarda hech qanday dalil yo‘qligini ta’kidlab, tintuvni “ulkan PR-aksiya” deb atagan. Timoshenkoning aytishicha, UMKB va MKP xodimlari uning ish telefonlari, hujjatlari va shaxsiy jamg‘armalarini olib ketgan, “ular haqidagi ma’lumotlar to‘liq tarzda rasmiy deklaratsiyada aks ettirilgan”.
“Men barcha bu bema’ni ayblovlarni qat’iyan rad etaman. Ko‘rinishidan, saylovlar o‘ylanganidan ham yaqinroq. Kimdir raqiblarni tozalashni boshlashga qaror qilgan. Bu menga qarshi birinchi siyosiy buyurtma emas. Ta’qib va terror – ko‘p yillardan beri mening kundalik hayotim. Men allaqachon hech narsadan qo‘rqmayman, chunki o‘zim, odamlar va Ukraina oldida halol ekanimni bilaman. Meni hech kim sindira olmaydi va to‘xtata olmaydi. Bu safar ham haqiqatni yana isbotlaymiz”, deydi Timoshenko.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil noyabr oyining oxirida Ukraina Milliy aksilkorrupsiya byurosi va Ixtisoslashtirilgan aksilkorrupsiya prokuraturasi hukumat mahallasida Prezident devoni rahbari Andrey Yermakka tegishli joylarda tintuvlar o‘tkazgan edi. Ko‘p o‘tmay, Ukraina Prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak iste’foga ariza bergani ma’lum bo‘ldi. Yermakning istefosi Zelenskiy Prezidentligi davridagi eng yirik korrupsiya mojarosi avj olayotgan bir paytga to‘g‘ri keldi. Bu mojaroda Prezidentning yaqin atrofidagi shaxslar ishtirok etgan. Oy boshida Ukraina Milliy korrupsiyaga qarshi byurosi davlatga qarashli “Energoatom” kompaniyasidagi korrupsiya sxemasi bo‘yicha sakkiz nafar gumonlanuvchiga ayb qo‘ydi. Tergovchilar bu sxema rahbari sifatida Zelenskiyning eng yaqin ittifoqchilaridan biri Timur Mindichni ko‘rsatdi.
Live
Barchasi