Ukraina Rossiyaning yana bir yirik neft zavodini bombaladi. Qurbonlar bor (video)
Olam
−
12:39 1856 1 daqiqa
Bugun, 25 avgustga o‘tar kechasi Ukraina dronlari Rossiyaning Krasnodar o‘lkasidagi Afipskiy posyolkasiga hujum qildi. Hujum oqibatida ikki kishi halok bo‘lib, yana ikki kishi jarohatlandi. Bu haqda RBK xabar berdi.
Qayd etilishicha, hujumdan so‘ng Afipskiy neftni qayta ishlash zavodi hududida yong‘in chiqqan. Krasnodar o‘lkasi gubernatori Veniamin Kondratevning ma’lum qilishicha, hodisa joyida yong‘in o‘chiruvchilar va tezkor xizmatlar ishlamoqda.
Dron qoldiqlari Afipskaya temiryo‘l stansiyasining hududiga ham qulagan. Oqibatda kamida 10 ta xususiy uy zarar ko‘rgan. Ularning birida yong‘in chiqqan.
Shuningdek, 25 avgustga o‘tar kechasi Krasnodar o‘lkasida dron va raketa xavfi e’lon qilingan. Dron xavfi ikki soatdan sal ko‘proq, raketa xavfi esa qariyb 30 daqiqa davom etgan.
Xabarlarga ko‘ra, zavod avval ham Ukraina dronlari hujumiga bir necha bor uchragan.
Ma’lumot uchun, Afipskiy neftni qayta ishlash zavodi Rossiyaning janubidagi eng yirik neftni qayta ishlash korxonalaridan biri hisoblanadi. Uning yillik neftni qayta ishlash quvvati 6,25 million tonnani tashkil etadi. Zavodda dizel yonilg‘isi, benzin, mazut va boshqa neft mahsulotlari ishlab chiqariladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Rossiyaning Perm shahridagi “Lukoyl-Permnefteorgsintez” neftni qayta ishlash zavodiga dronlar bilan hujum qilgan edi.
Live
Barchasi