Ukraina Rossiyaning neft-gaz ob’ektlariga zarbalar bo‘yicha rekord o‘rnatdi
Olam
−
31 dekabr 2025 10746 2 daqiqa
Joriy yil dekabr oyida Ukraina 2022 yilda to‘liq miqyosli urush boshlanganidan beri Rossiya energetika infratuzilmasiga eng ko‘p zarba berdi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, tomonlarning ochiq bayonotlariga asoslangan hisob-kitoblariga ko‘ra, bir oy ichida Rossiyaning neft-gaz majmuasi ob’ektlariga kamida 24 ta hujum amalga oshirilgan. Bu 1 oylik eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, noyabr oyida qayd etilgan avvalgi rekord (23 ta hujum)dan oshib ketgan. Joriy oyda zarbalar 10 ta neftni qayta ishlash zavodi, 11 ta dengiz infratuzilmasi ob’ekti, ikkita tanker va yirik quvur tizimining bitta ob’ektiga qaratilgan.
Nashrga ko‘ra, bunday hujumlar xalqaro sanksiyalar sabab allaqachon qiyinchiliklarga duch kelayotgan Rossiyaning energetik eksportiga bosimni yanada kuchaytirmoqda. Rossiya hanuz tashqi bozorga sezilarli hajmda neft yetkazib berayotgan bo‘lsa-da, urushni moliyalashtirishning asosiy manbai hisoblangan neft-gaz daromadlari qisqarib bormoqda. Hukumat bahosiga ko‘ra, joriy yilda byudjetdagi neft-gaz tushumlari ulushi 23 foizgacha kamayishi mumkin. Bu kuzatuvlar tarixidagi eng past ko‘rsatkich bo‘ladi.
Dekabr oyida Kiyev alohida e’tiborni dengiz infratuzilmasiga qaratgan. Oy davomida Kaspiy dengizidagi “Lukoyl”ning neft-gaz konlariga, shuningdek, zarbalar oqibatida bir nechta tankerlar yonib ketgan Taman va Rostov portlariga bir necha bor hujumlar uyushtirilgan. Ukraina Rossiyaning “soya floti”ga qarshi zarbalarni ham davom ettirgan va ilk bor havodan uchiriladigan Storm Shadow qanotli raketalarini qo‘llab, Novoshaxtinskdagi neftni qayta ishlash zavodiga zarba bergan.
Zarbalarning faollashuvi Rossiyada neftni qayta ishlash hajmining sezilarli darajada pasayishi fonida yuz bermoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yilda dronlar hujumlari sabab Rossiyada neftni qayta ishlash hajmi 12 yillik minimum – 266 mln tonnagacha tushgan va joriy yil yakunlariga ko‘ra ham taxminan shu darajada qolishi kutilmoqda. Yanvar-oktyabr oylarida neftni qayta ishlash zavodlaridagi ishlab chiqarish 3 foizga qisqarib, sutkasiga 5,2 mln barrelni tashkil etgan.
“Reuters” ma’lumotlariga ko‘ra, yilning birinchi yarmida “Rosneft”ning foydasi uch baravarga, “Lukoyl”niki esa ikki baravarga kamaygan, “Surgutneftegaz” esa zarar ko‘ra boshlagan. Yanvar-noyabr oylarida federal byudjetning neft-gaz daromadlari 21 foizga qisqargan, dekabr oyidagi tushumlar esa “Reuters” hisob-kitoblariga ko‘ra, 2020 yil avgustidan beri eng past darajaga tushishi mumkin.
Live
Barchasi