Ukraina Rossiyaning ikkita kemasiga zarba berdi
Olam
−
25 mart 2024 12911 2 daqiqa
Ukraina mudofaa kuchlari Rossiyaning “Yamal” va “Azov” yirik desant kemalariga, aloqa markaziga, shuningdek, anneksiya qilingan Qrimdagi Sevastopol port shahridagi Qora dengiz flotining bir qancha infratuzilma ob’ektlariga zarba berdi. Bu haqda kecha, 24 mart kuni Ukraina Qurolli kuchlarining Strategik aloqa departamenti Facebook'dagi sahifasida ma’lum qildi.
"Yamal" va "Azov" Sovet Ittifoqi davrida Sovet dengiz floti buyrug‘i bilan Polsha hududida qurilgan”, deb yozadi Ukrainaning “Obozrevatel” nashri.
Nashrga ko‘ra, “Yamal” kemasi 2008 yilda Gruziya harbiy-dengiz floti kemalarini yo‘q qilish maqsadida Poti portiga qo‘shin kiritib, Rossiyaning Gruziyaga qarshi qurolli agressiyasida bevosita ishtirok etgan. Yaqinda ikkala kema ham Qrimga joylashtirilgan va Rossiyaning Ukrainaga qarshi harbiy amaliyotlarida qatnashgan.
Bir kechada anneksiya qilingan Qrim va Sevastopol raketa hujumiga uchradi. Ukrainaning 24-kanalining mahalliy aholiga tayanib xabar berishicha, Simferopol, shuningdek, Sevastopol va unga yaqin joylashgan bir qancha shaharlarda portlashlar va havo hujumidan mudofaa harakatlari eshitilgan.
Sevastopolning rahbariyati hujumni tasdiqladi, ammo u qaytarilganini bildirdi. Shu bilan birga, shahardagi turar-joy binosiga raketa parchasi tushishi oqibatida 65 yoshli mahalliy fuqaro halok bo‘lgani, to‘rt kishi jarohatlangani ma’lum qilindi.
O‘z navbatida, 24 martga o‘tar kechasi Rossiya Ukrainaning qator hududlariga havo hujumlarini amalga oshirgan. Ukrainaning barcha hududlarida havo hujumidan ogohlantirish e’lon qilindi. Ukraina Harbiy-havo kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi Murmansk viloyatidagi havo bazasidan hujumlar uyushtirish uchun 14 ta Tu-95MS strategik bombardimonchi samolyoti havoga ko‘tarilgan.
Shunday qilib, Kiyevda portlashlar eshitildi, biroq shahar meri Vitaliy Klichko shaharda havo hujumidan mudofaa vositalari ishlayotganini aytdi. Unga ko‘ra, raketalardan birining bo‘laklari poytaxtning Desnyanskiy tumanidagi o‘rmon zonasiga tushib ketgan.
Lvov meri Andrey Sadovoy “mintaqaga 20 ga yaqin raketa va yettita Shahed dronlari uchayotganini” aytdi.
Live
Barchasi