Ukraina Rossiyaga zarba berish uchun Starlink’dan foydalanmoqchi
Olam
−
22:37 620 2 daqiqa
Ukraina Ilon Maskdan Rossiya ichkarisiga zarba berish uchun Starlink tizimi bilan jihozlangan zarba beruvchi dronlardan foydalanishga ruxsat olishga harakat qilmoqda. AQSH Prezidenti Donald Tramp ushbu rejani qo‘llab-quvvatlamaydi. Bu haqda “Financial Times” gazetasi xabar berdi.
Nashr suhbatdoshlarining so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ushbu g‘oyani iyul oyida Oq uyda Tramp bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ilgari surgan. U Trampdan Mask bilan gaplashishni hamda Ukrainaga o‘z chegaralaridan tashqarida – Rossiya hududining 200 km ichkarisida joylashgan ballistik raketa uchirish qurilmalariga zarba berish uchun Starlink’dan foydalanishga ruxsat olishda yordam berishini so‘ragan.
Starlink bilan jihozlangan dronlar SpaceX sun’iy yo‘ldosh internetidan foydalanadi. Bu ularga odatdagi radiokanallarga qaraganda uzoq masofalarda operatorlar bilan ishonchliroq aloqani saqlab turish va shu bilan birga oddiy xalaqitlarda kuchliroq bo‘lish imkonini beradi.
Kiyev ushbu zarbalar chuqurligini cheklash Maskni so‘rovni tasdiqlashga undashi mumkin deb hisoblaydi. Biroq uchrashuvda ishtirok etganlarning so‘zlariga ko‘ra, Tramp bu g‘oyaga shubha bilan qaragan: u aniq javob bermagan va, aftidan, ushbu rejani qo‘llab-quvvatlamagan.
FT suhbatlashgan mulozimlarning fikricha, Mask ham bu so‘rovni ma’qullamaydi. Avvalroq uning Ukraina tomonidan Starlink’dan foydalanish masalasidagi pozitsiyasi bir necha bor o‘zgargan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Perm shahridagi “Lukoil-Permnefteorgsintez” neftni qayta ishlash zavodi Ukraina dronlari hujumiga uchragan edi.
Live
Barchasi