Ukraina Rossiyaga Qora dengizdagi janglarni to‘xtatishni taklif qildi
Olam
−
15:11 1165 2 daqiqa
Ukraina Rossiyaga Qora dengizdagi fuqarolik ob’ektlariga qaratilgan hujumlarni o‘zaro to‘xtatishni taklif qildi. Bu haqda masaladan xabardor manbaga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Kiyev ushbu taklifni uchinchi tomon orqali Moskvaga yetkazgan. Hozircha Rossiya tomonidan rasmiy javob berilmagan.
So‘nggi haftalarda Qora dengizdagi kemalar va portlarga uyushtirilayotgan hujumlar kuchayib, jahon oziq-ovqat ta’minoti bo‘yicha xavotirlarni oshirgan. Rossiya va Ukraina dunyoning yirik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportchilari hisoblanadi. Tomonlar esa bir-birini eksport uchun foydalanilayotgan kemalarga hujum qilishda ayblab kelmoqda.
Joriy yilning iyul oyi oxirida Rossiya tomonidan o‘nlab kemalarga zarbalar berilgach, ko‘plab kema egalari Odessa viloyatidagi portlarga qatnovni to‘xtatgan. Shu sababli, Ukraina yuk tashishning muqobil yo‘nalishlaridan foydalanishga majbur bo‘lmoqd. Odessa mamlakatning don eksportidagi asosiy markazlardan biri hisoblanadi.
O‘z navbatida, Ukraina hujumidan so‘ng Rossiya Qora dengizdagi Novorossiysk portining uchala terminalida ham joriy yilning 13 va 14 avgust kunlari operatsiyalarni to‘xtatgan. Bu esa Rossiyaning don eksportini yanada qisqartirishiga olib kelishi mumkin. Kreml va Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Reuters'ning izoh so‘roviga darhol javob bermagan.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Aleksandr Grushko esa Moskva Qora dengiz bo‘yicha rasmiy sulh taklifini olmaganini aytgan.
“So‘nggi paytlarda turli moratoriylar va sulhlar haqida ko‘plab chaqiriqlarni eshityapmiz. Bu g‘oyalar turli kanallar orqali ilgari surilmoqda, biroq bizga hech qanday rasmiy taklif kelib tushmagan”, degan u TASS agentligiga.
Ma’lum qilinishicha, Rossiya 2022 yilda Ukrainaga bostirib kirganidan keyin BMT va Turkiya vositachiligida Ukraina donining eksportini davom ettirishga imkon beruvchi kelishuv tuzilgan. Biroq Rossiya 2023 yilda ushbu bitimni uzaytirishdan bosh tortgan.
Shundan so‘ng, Ukraina yangi dengiz yo‘lagini ishga tushirgan va u yaqindagi keskinlashuvgacha faoliyat yuritib kelgan. Kiyevga ko‘ra, temir yo‘l yoki Dunay daryosi orqali amalga oshiriladigan muqobil eksport yo‘nalishlari juda cheklangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya ham Rossiya va Ukrainaga Qora dengizdagi hujumlar yuzasidan xavotir bildirgandi hamda tomonlarni ushbu hududdagi zarbalarga moratoriy e’lon qilishga chaqirgan edi.
Live
Barchasi