Ukraina Rossiyaga emas, Vengriyaga zarba berdi – Siyyarto
Olam
−
26 avgust 2025 14978 2 daqiqa
Vengriya Tashqi ishlar va Tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Peter Siyyarto ukrainalik harbiylar tomonidan “Drujba” neft quvuriga uyushtirilgan hujumlarni Vengriya va Slovakiyaga qilingan bevosita hujum sifatida baholadi. Bu haqda u “Szegedma” nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu zarbalar Rossiyaga emas, balki aynan Vengriya va Slovakiyaning energetik xavfsizligiga qaratilgan. Siyyarto Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyni ham tanqid qilib, u “ochiq, qo‘pol va uyalmay Vengriyaga tahdid qilganini” ta’kidlagan. Vazirning aytishicha, Zelenskiy Budapeshtning Ukraina Yevropa Ittifoqiga kirishiga qarshi pozitsiyasi saqlanib qolsa, “Drujba” quvuriga hujumlar davom etishini bildirgan.
Quvurning janubiy tarmog‘i orqali Rossiya nefti Ukraina hududi orqali Vengriya va Slovakiyaga yetkaziladi. Shimoliy tarmoq bo‘yicha Polsha va Germaniyaga oqim esa YeI sanksiyalari sabab to‘xtatilgan, ammo shu yo‘nalish orqali Qozog‘iston nefti yetkazib berilmoqda.
Vengriya uch marta – 13, 18 va 22 avgust kunlari Ukrainani “Drujba”ga zarba berishda aybladi. 22 avgustga o‘tar kechasi bo‘lgan hujum tufayli Vengriya va Slovakiya besh kunga neftdan mahrum bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andriy Sibiga vengriyalik mavqedoshi Peter Siyartoni Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiyga buyruq bermaslikka chaqirgandi.
“Ukraina Prezidentiga nima qilish va qachon gapirish kerakligini aytishning hojati yo‘q. U Vengriyaning emas, Ukrainaning Prezidenti”, degan Sibiga.
Live
Barchasi