Ukraina Peterburgga dronlar bilan bomba “yog‘dirdi”. Qurbon bor

Olam

−

image

Bugun, 18 oktyabr kuni Ukraina Rossiyaga qarshi 1 000 dan ortiq dron bilan hujum qildi. Oqibatda Sankt-Peterburgdagi neft eksport terminali va neft bazasida yong‘in chiqdi, bir kishi halok bo‘ldi, besh kishi jarohatlandi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.

Sankt-Peterburg gubernatori Aleksandr Beglovning ma’lum qilishicha, hujum oqibatida shahardagi Peterburg neft terminali va “Ruchi” neft bazasida yong‘inlar yuzaga kelgan. Shuningdek, Rossiyaning Ozon savdo kompaniyasiga qarashli logistika markazi hamda mahalliy texnologiya kompaniyasi VK’ning ma’lumotlar markazi ham nishonga olingan. Har ikki kompaniya hujumga uchraganini tasdiqlagan.

Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bugun, 18 oktyabr kuni mamlakatning 15 ta hududi, Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrim yarimoroli va Qora dengiz ustida jami 1 015 ta Ukraina droni urib tushirilgan.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov TASSga bergan intervyusida Ukraina Moskvaning “bosqiniga qarshilik ko‘rsatayotganini”, biroq voqealarning hozirgi rivojini o‘zgartira olmasligini aytgan.

Ayni vaqtda Rossiya Ukrainaga ham hujum qilgan. Ukraina rasmiylariga ko‘ra, mamlakat janubidagi Zaporoje shahriga uyushtirilgan ikkita hujum oqibatida bir ayol halok bo‘lgan, kamida ikki kishi, jumladan, 6 yoshli qiz jarohatlangan.

Zaporoje viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Mixailo Semikinning bildirishicha, hujumlar oqibatida ikkita ko‘p qavatli uy, 18 ta avtomobil va ta’lim muassasasi zarar ko‘rgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukrainada AQSHda ishlab chiqarilgan Patriot havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun raketalar tugagani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing