Ukrainada Patriot raketalari tugadi – CNN

Olam

−

image

Ukrainada AQSHda ishlab chiqarilgan Patriot havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun raketalar tugadi. Bu esa mamlakatni Rossiyaning ballistik raketa hujumlari oldida yanada zaif holatga solib qo‘ydi. Bu haqda vaziyatdan xabardor manbaga tayanib, CNN xabar berdi.

Bu holat AQSH Prezidenti Donald Tramp va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘rtasidagi ziddiyat keskinlashgan bir paytda yuz bergan. So‘nggi kunlarda Oq uy Rossiyadan dizel yonilg‘isini import qilish bo‘yicha tanqidga uchragan kelishuvni tuzdi va Kiyevga Rossiya neft infratuzilmasiga zarbalarni to‘xtatish uchun bosimni kuchaytirdi.

CNN manbasining aytishicha, Rossiyaning so‘nggi hujumi vaqtida uchirilgan ballistik raketalarning “deyarli barchasi tutib qoluvchi raketalar yetishmagani sababli urib tushirilmagan”.

Joriy yilning 14 oktyabr kuni erta tongda Rossiya Kiyevdagi uchta elektr stansiyasiga ballistik raketalar bilan zarba bergan. Shuningdek, Xarkovdagi energetika infratuzilmasini nishonga olgan. Hujum oqibatida Kiyevda to‘rt kishi halok bo‘lib, 25 kishi yaralangan.

Ukraina Harbiy-havo kuchlari hujum vaqtida Rossiyaning to‘rtta ballistik raketasi urib tushirilganini bildirgan. CNN bu holat Ukraina o‘zidagi Patriot raketalarining so‘nggi zaxiralaridan foydalangan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatishini yozgan.

Ukrainada bunday raketalar birinchi marta tugab qolayotgani yo‘q. Avgust oyida Zelenskiy CNN’ga mamlakat zudlik bilan zarur bo‘lgan Patriot raketalarining atigi o‘ndan bir qismiga ega ekanini aytgandi. O‘sha paytda Ukraina rasmiylari ham raketalar zaxirasi deyarli tugaganini ma’lum qilgan.

Bir oy o‘tgach, Zelenskiy AQSHdan Patriot raketalarini ishlab chiqarish uchun litsenziya olishlarini aytgan. Biroq Tramp bunga roziligini bildirmagan va litsenziya berilmagan. Joriy yilning 14 oktyabr kuni Zelenskiy yana AQSHdan qo‘shimcha raketalar so‘ragan.

“AQSH Prezidenti kuch, adolat va tajovuzkorga bosim o‘tkazish orqali tinchlikni yaqinlashtirish uchun barcha samarali va zarur vositalarga ega. Ukrainaga qo‘shimcha Patriot raketalarini yetkazib berishingizni so‘raymiz”, degan u.

CNN xabariga ko‘ra, Tramp ma’muriyati shu hafta boshida Ukraina va Yevropadagi ittifoqchilarni, agar Kiyev Rossiyaning energetika ob’ektlariga uzoq masofali zarbalarni to‘xtatmasa, AQSH Yevropa davlatlarining Amerika qurollarini xarid qilishini hamda Ukraina bilan razvedka ma’lumotlarini almashishni to‘xtatishi mumkinligi haqida ogohlantirgan. Bu haqda ikki nafar yevropalik rasmiy ma’lum qilgan.

Bunday qaror Patriot raketalarining Ukrainaga kelgusida yetkazib berilishiga ham ta’sir qilishi mumkin. Shunga qaramay, Tramp AQSH Ukraina bilan razvedka ma’lumotlarini almashishni to‘xtatmaganini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniya o‘z zaxirasidagi Amerikada ishlab chiqarilgan Patriot havo mudofaa tizimlari uchun mo‘ljallangan PAC-2 zenit raketalarining bir qismini Ukrainaga yetkazib berishi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing