Ukraina muxbirlari “Pulitser” maxsus mukofotini qo‘lga kiritdi 

Olam

image

Kecha, 9 may kuni Nyu-Yorkda jurnalistika bo‘yicha 2022 yilgi "Pulitser" mukofoti g‘oliblari e’lon qilindi. Maxsus mukofot “jasorat, chidamlilik va rost xabar berishga sodiqlik uchun” Ukraina muxbirlariga berildi. Bu haqda mukofot saytida aytiladi.  

Eng nufuzli nominatsiyalardan biri – “Jamoatga xizmat” yo‘nalishida “The Washington Post” gazetasi g‘olib bo‘lgan. Nashr xodimlari 2021 yilning 6 yanvarida AQSHning o‘sha paytdagi Prezidenti Donald Tramp tarafdorlari Kapitoliyga bostirib kirgani haqidagi voqealarni batafsil tahlil qilgani uchun mukofot olgan.

Xalqaro va milliy reportajlar uchun “The New York Times” mukofot olgan. Birinchi maqolada jurnalistlar Yaqin Sharqdagi (Iroq, Suriya, Afg‘oniston) Amerika o‘qidan halok bo‘lgan tinch aholi, ikkinchisida hibsga olish vaqtida politsiya xodimlari tomonidan o‘ldirilgan amerikalik haydovchilar haqida so‘z yuritgan. 

“Miami Herald” tahririyati shoshilinch reportaj uchun mukofotlangan. Jurnalistlar o‘tgan yozda 100 ga yaqin odam halok bo‘lgan ko‘p qavatli uyning qulashini yoritgani uchun mukofot olgan. 

Floridadagi yagona akkumulyatorni qayta ishlash zavodidagi o‘ta zaharli xavf-xatarlar haqidagi jurnalistik surishtiruvi uchun "Pulitser" mukofoti kengashi “Tampa Bay Times” tahririyatini taqdirlagan. 

“Shoshilinch yangiliklar fotografiyasi” nominatsiyasida “Los Angeles Times” gazetasi xodimi Markus Yam 2021 yil avgustda Qobulning qulashini yoritgani uchun mukofotga sazovor bo‘lgan. 

“Reuters” agentligining Hindistondagi fotomuxbirlari koronavirus pandemiyasi qurbonlari haqida bergan materiallari uchun “Fotografiya janri” nominatsiyasida taqdirlangan. 

Ma’lumot o‘rnida, "Pulitser" mukofoti AQSHning adabiyot, jurnalistika, musiqa va teatr sohasidagi eng obro‘li mukofotlaridan biridir. Unga 1917 yilda asos solingan.


Maqola muallifi

Teglar

Pulittser

Baholaganlar

17

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar