Pulitser mukofoti g‘oliblari e’lon qilindi
Bu qiziq
−
07 may 1643 2 daqiqa
Pulitser mukofoti kengashi 2026 yilgi g‘oliblarni ma’lum qildi. Bu haqdagi ma’lumot mukofotning rasmiy saytida e’lon qilindi.
“Jamiyatga xizmatlari uchun” yo‘nalishidagi asosiy mukofot AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati tomonidan federal idoralarda o‘tkazilgan tartibsiz islohotlar va ish o‘rinlari qisqartirilishi oqibatlarini yoritgani uchun “The Washington Post” gazetasiga berilgan. “Tezkor xabarlarni yoritish” nominatsiyasida ikki nafar bola halok bo‘lgan va 17 kishi yaralangan katolik maktabidagi otishma haqidagi reportajlari uchun “The Minnesota Star Tribune” jamoasi g‘olib chiqdi.
“Jurnalistik surishtiruv” uchun mukofot “The New York Times” xodimlariga nasib etdi. Nashr jurnalistlari Tramp manfaatlar to‘qnashuvi bo‘yicha cheklovlarni qanday buzgani hamda o‘z oilasi va sheriklarini boyitish uchun xizmat mavqeidan foydalangani haqida hikoya qilgan.
“Mahalliy reportajlar” toifasida biryo‘la ikkita mukofot berildi: birinchisi “The Connecticut Mirror” (Deyv Altimari va Jinni Monk) hamda “ProPublica” (Sofi Chou va Xaru Korin) duetiga, ikkinchisi esa Tramp ma’muriyatining Chikagodagi harbiylashtirilgan immigratsiya operatsiyasini yoritgan “Chicago Tribune” jamoasiga berildi.
“Milliy yangiliklar” nominatsiyasida “Reuters” jamoasi (Ned Parker, Linda So, Piter Eysler va Mayk Spektor) g‘olib bo‘ldi. Ular Prezident o‘z ijro hokimiyatini kengaytirish va raqiblaridan o‘ch olish uchun AQSH hukumati hamda o‘z tarafdorlari ta’siridan qanday foydalanganini hujjatlashtirishgan. “Xalqaro jurnalistika” yo‘nalishida esa Silikon vodiysida yaratilgan va butun dunyo bo‘ylab tarqalayotgan ommaviy kuzatuv vositalari haqidagi surishtiruvi uchun “Associated Press” muxbirlari eng yaxshi deb topilgan.
Maxsus mukofot bilan 2017–2018 yillarda moliyachi Jeffri Epshteyn haqidagi reportajlar turkumi uchun “Miami Herald” jurnalisti Juli Braun taqdirlangan.
Ma’lumot uchun, Pulitser mukofoti jurnalistika sohasidagi eng nufuzli mukofotlardan biri hisoblanadi. Mukofot har yili 20 ta toifa bo‘yicha topshiriladi. G‘oliblarni Kolumbiya universiteti hakamlar hay’ati aniqlaydi.
Live
Barchasi