Ukraina Mudofaa vazirligida 40 mln dollarlik korrupsiya sxemasi fosh etildi
Olam
−
23 dekabr 2023
9132Ukraina armiyasi uchun o‘q-dorilar xarid qilish maqsadida ajratilgan 1,5 mlrd grivna (taxminan 39,8 mln dollar) pulni o‘g‘irlashda gumonlangan Mudofaa vazirligining yuqori martabali xodimi qo‘lga olindi. Bu haqda Ukraina Xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Bildirilishicha, Mudofaa vazirligining asosiy bo‘limlaridan birining boshlig‘i qo‘lga olingan. U artilleriya snaryadlarini sotib olish uchun mo‘ljallangan 1,5 mlrd grivnani o‘g‘irlashga uringanlikda gumon qilinmoqda.
Qayd etilishicha, UXX operatsiyasi Ukraina Mudofaa vaziri Rustam Umarov ko‘magida amalga oshirilgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ismi oshkor etilmagan gumonlanuvchi 2022 yil dekabr oyida maxsus eksport qiluvchi kompaniya bilan artilleriya snaryadlarining ulgurji partiyasini sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolagan. Keyinchalik, ushbu shartnoma bo‘yicha, 1,5 milliard grivnadan ko‘proq mablag‘ xorijiy hisobraqamga o‘tkazilgan. Mazkur holat yuzasidan Ukraina Jinoyat kodeksining 114-1-moddasi 2-qismi (Ukraina Qurolli kuchlari va boshqa harbiy tuzilmalarning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilish) bo‘yicha jinoiy ish ochilgan. Agar bo‘linma boshlig‘ining aybi isbotlansa, u 15 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.
Keyinroq Ukraina Mudofaa vazirligi matbuot va axborot bo‘limi boshlig‘i Illarion Pavlyuk telemarofonda departament korrupsion sxema oqibatida o‘q-dorilar ishlab chiqaruvchi korxonaga o‘tkazilgan mablag‘larni qaytarish ustida ish olib borayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, "bu shartnoma bo‘yicha to‘lov amalga oshirilgan, ammo snaryadlar yetkazib berilmagan".
Ma’lumot uchun, joriy yilning may oyida Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy byurosi va Korrupsiyaga qarshi ixtisoslashtirilgan prokuraturasi xodimlari Ukraina Oliy sudi sobiq rahbari Vsevolod Knyazevni noqonuniy nafaqa olish ehtimoli tufayli hibsga olgan.
Avgust oyida esa Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy urush davridagi korrupsiyani vatanga xiyonatga tenglashtiruvchi qonun loyihasini tayyorlash niyatida ekanini aytgan. Ukraina Jinoyat kodeksida davlatga xiyonat qilish uchun 15 yilgacha jazo nazarda tutilgan. Yevropa Ittifoqi Kiyev tizimli korrupsiyaga qarshi choralarni kuchaytirishini ta’kidlamoqda.
LiveBarchasi