Ukraina Moskvaga yirik dronlar hujumi uyushtirdi (video)
Olam
−
18 iyun 7854 1 daqiqa
Bugun, 18 iyunga o‘tar kechasi Moskva va Moskva viloyati yana uchuvchisiz uchish apparatlari bilan ommaviy hujumga uchradi. Bu haqda “Incidentia” xabar berdi.
Rossiya tomonining ma’lum qilishicha, havo hujumidan mudofaa tizimlari poytaxtga yaqinlashgan 30 dan ortiq dronni urib tushirgan.
Qayd etilishicha, asosiy zarba 16 iyun kuni Moskva neftni qayta ishlash zavodiga berilgan. Ukraina maxsus xizmatlari tomonidan amalga oshirilgan operatsiyada FP-1, “Lyutiy” va boshqa turdagi dronlar qo‘llangani aytilmoqda.
Xabarga ko‘ra, dronlar zavoddagi neftni birlamchi qayta ishlash qurilmasini nishonga olgan. “Reuters” agentligi keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, shikastlangan majmua korxona quvvatining qariyb 53 foizini ta’minlab kelgan. Shu sababli zavod faoliyati vaqtincha to‘xtatilgani bildirilmoqda.
Moskva shahri meri Sergey Sobyanin hujum faktini tasdiqlab, dronlardan biri neftni qayta ishlash zavodi hududidagi ob’ektga shikast yetkazganini ma’lum qilgan. Uning aytishicha, hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q.
18 iyun kunidagi yangi hujum davomida urib tushirilgan dronlardan birining bo‘laklari Moskvadagi “Sadovod” savdo markazi hududiga tushgan va binoga yengil zarar yetkazgan. Bu safar Kapotnya tumanidagi neft zavodiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yangi zarba berilgani haqida ma’lumot keltirilmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina G7 sammiti arafasida Moskva va Moskva viloyatiga dronlar bilan ommaviy hujum uyushtirgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi