Ukraina G7 sammiti arafasida Moskvaga dronlar hujumi uyushtirdi (video)
Olam
−
16 iyun 5946 2 daqiqa
Kecha, 15 iyun kechasi va 16 iyun tongida Moskva hamda Moskva viloyati yana Ukraina Qurolli kuchlarining uchuvchisiz uchish apparatlari bilan ommaviy hujumiga uchradi. Bu haqda “Gazeta.ru” xabar berdi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hujumlar havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan qaytarilgan. Biroq dronlardan biri Moskva neftni qayta ishlash zavodi hududiga yetib borib, ob’ektga shikast yetkazgan. Jabrlanganlar yo‘q, hodisa joyida favqulodda xizmatlar ish olib bormoqda.
Moskva shahar meri Sergey Sobyanin 16 iyun kuni ertalab o‘zining kanalida “Mudofaa vazirligi PVO tizimi tomonidan 25 ta uchuvchisiz qurilma yo‘q qilindi”, deb ma’lum qildi.
Hujum bir necha to‘lqinda amalga oshirilgan. Ilk dronlar soat 05:40 atrofida urib tushirilgani haqida xabar berilgan. Keyingi soatlarda yana yangi nishonlar yo‘q qilingani aytilgan va umumiy hisobda urib tushirilgan dronlar soni 60 taga yetgan. Moskvadagi Domodedovo va Jukovskiy aeroportlari esa vaqtincha reyslarni qabul qilish va jo‘natishni to‘xtatgan.
Rasmiylar Moskvada qurbonlar va jiddiy vayrongarchiliklar yo‘qligini bildirgan bo‘lsa, ayrim ommaviy axborot vositalari hamda Telegram kanallarida turli ma’lumotlar tarqalgan.
Monitoring kanallari sanoat ob’ekti ustida olov ustuni va quyuq tutun ko‘ringan video hamda suratlarni tarqatgan. Biroq bu tasvirlarning haqiqiyligi tasdiqlanmagan.
Mazkur holatda eng asosiy rasmiy manba Moskva merining bayonoti bo‘lib, unda keng ko‘lamli yong‘in haqida emas, balki ob’ektga “shikast yetkazilgani” haqida so‘z yuritilgan.
Eslatib o‘tamiz, ushbu hujumlar Fransiyada o‘tayotgan G7 sammiti arafasida amalga oshirildi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy shu arafada 15–17 iyun kunlari Fransiyada bo‘lib o‘tadigan G7 sammiti doirasida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashishni taklif qilgan edi.
Live
Barchasi