Ukraina Kurskdagi yana bir aholi punktini egallab oldi – Zelenskiy
Olam
−
22 avgust
5478Ukraina Qurolli kuchlari Rossiya Federatsiyasining Kursk viloyatidagi yana bir aholi punktini egallab oldi. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Qurolli kuchlar bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiyning hisobotiga tayanib, o‘zining Facebook'dagi sahifasida ma’lum qildi.
“Kursk viloyatining ma’lum hududlarida Ukraina nazorati ostidagi yana bir aholi punkti mavjud va biz almashinuv fondini to‘ldiryapmiz”, deydi Zelenskiy.
Ukraina rahbari Sumi viloyatining Rossiya Federatsiyasi bilan chegaradosh hududlariga tashrif buyurganini va viloyat harbiy rahbari va Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni bilan uchrashuv o‘tkazganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni faol operatsiyalarning barcha yo‘nalishlaridagi tezkor vaziyat, shuningdek, Toretskiy va Pokrovskiy yo‘nalishlarida mudofaani kuchaytirish bo‘yicha qadamlar haqida ma’lum qilgan.
Kursk viloyatidagi vaziyat
Rossiya Federatsiyasining Kursk viloyatining chegara hududlarida vaziyatning keskinlashuvi 6 avgust kuni ertalab, Ukraina armiyasi mintaqada operatsiya o‘tkaza boshlaganidan so‘ng boshlandi. Chegara hududlarida Rossiya va Ukraina qo‘shinlari o‘rtasida shiddatli janglar davom etmoqda, aholi punktlarida uchuvchisiz samolyotlarning keng ko‘lamli hujumlari qayd etilmoqda, vaqti-vaqti bilan raketa haqida ogohlantirish signallari eshitilmoqda.
Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlari Kursk viloyatiga bostirib kirganidan so‘ng janglar asosan viloyatning Korenevskiy va Sudjanskiy, qisman Belovskiy va Lgovskiy tumanlarida davom etgan.
Mintaqadagi vaziyat federal favqulodda holat sifatida tan olingan. Bundan tashqari, vaziyatning keskinlashuvi fonida Rossiyaning uchta viloyatida – Belgorod, Kursk va Bryansk viloyatlariga ta’sir ko‘rsatgan aksilterror operatsiyasi rejimi joriy etildi.
Ayni paytda bir qator hududlarda tinch aholini evakuatsiya qilish davom etmoqda. 12 avgust kuni Kursk viloyati gubernatori vazifasini bajaruvchi Aleksey Smirnov Vladimir Putinga evakuatsiya qilinishi kerak bo‘lgan 180 ming kishidan 121 ming kishi allaqachon hududni tark etgani haqida xabar berdi. O‘z navbatida, Rossiya Federatsiyasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Kursk viloyatining chegara hududlaridan 121 mingdan ortiq odam ko‘chirilganini ma’lum qildi.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina Qurolli kuchlarining Kursk viloyatidagi harakatlarini “yana bir keng ko‘lamli provokatsiya” deb atadi.
Ayni paytda Ukraina tomoni Kursk viloyatida 90 dan ortiq aholi punkti nazorat ostiga olinganini da’vo qilmoqda.
LiveBarchasi