Ukraina Kurskda 102 rossiyalikni asirga oldi
Olam
−
16 avgust
7407Kecha, 15 avgust kuni Rossiya Federatsiyasining Kursk viloyatida 102 nafar rossiyalik mahbus asirga olingan. Bu haqda bugun, 16 avgust kuni Ukraina Xavfsizlik xizmati rahbari Vasiliy Malyuk ma’lum qildi.
“Kecha biz filigran operatsiyasini o‘tkazdik, natijada 102 nafar rossiyalik qo‘lga olindi. Kelajakda himoyachilarimizni uyga qaytarish uchun bundan qanchalik samarali foydalanish haqida hozirdanoq o‘ylayapmiz”, deydi Malyuk.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mahbuslar orasida “Axmat” bo‘linmasi zobitlari va vakillari ham bor.
“Hozir harbiy kontrrazvedka va UXX tergovchilari rossiyalik mahbuslar bilan ishlamoqda”, deydi Malyuk.
Uning aytishicha, mahbuslar keng qamrovli ko‘rsatmalar bergandan so‘ng va ular bilan qonunda nazarda tutilgan barcha tartiblar Bosh razvedka boshqarmasi va Ukraina Xavfsizlik xizmati tomonidan amalga oshirilgandan so‘ng, Ukraina tomoni Rossiya Federatsiyasi bilan ularni almashish bo‘yicha muzokaralar olib borishi mumkin.
6 avgust kuni Ukraina Qurolli kuchlari Kursk viloyatiga hujum boshladi. 9 avgust kuni mintaqada federal darajadagi favqulodda holat joriy etildi. 10 avgust kuni Rossiya Federatsiyasi Milliy aksilterror qo‘mitasi Belgorod, Kursk va Bryansk viloyatlarida terrorizmga qarshi operatsiya rejimini joriy qildi. 12 avgust kuni Belgorod viloyatining Ukraina bilan chegaradosh Krasnoyarujskiy tumanida evakuatsiya boshlandi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 15 avgust kuni “Financial Times” Kursk viloyatida rossiyalik mahbuslarning muhim qismi qo‘lga olinganidan so‘ng, Rossiya va Ukraina almashinuv bo‘yicha muzokaralar boshlaganini xabar qilgandi. Biroq Rossiya rasmiylari Kursk viloyatidagi rossiyalik mahbuslar haqidagi ma’lumotga rasman izoh bermadi.
LiveBarchasi