Ukraina XJCning to‘laqonli a’zosi bo‘ldi
Olam
−
02 yanvar
9008Ukraina Xalqaro jinoiy sud (XJS) Rim Statutining 125-mamlakati bo‘ldi va 2025 yil 1 yanvardan boshlab boshqa davlatlar bilan bir xil huquqlarga ega bo‘ldi. Sud binosida XJCga a’zo davlatlar bayroqlari orasida ko‘k va sariq rangli Ukraina bayrog‘i o‘rnatildi.
"Ukraina 2025 yil 1 yanvarda rasman Xalqaro jinoiy sudning 125-mamlakatiga aylandi. Bu shuni anglatadiki, u hozirda ushbu xalqaro shartnomaning to‘liq ishtirokchisi bo‘lib, ishtirokchi-davlatlarga yuklangan barcha huquq va majburiyatlarga ega. Ulardan eng muhimi byudjetni tasdiqlashda, Rim statutiga o‘zgartirishlar, qo‘shimchalar kiritishda, sudyalar, bo‘lajak prokuror va uning o‘rinbosarlarini tanlashda ovoz berish huquqidir, bu ma’lum darajada xalqaro jinoyat huquqining kelajagini shakllantirishga yordam beradi", dedi XJS vakili Fadi al-Abdalla "Ukrinform" agentligiga bergan intervyusida.
Ma’lumot uchun, Ukraina Oliy Radasi 2024 yil 21 avgust kuni Rim statutini ratifikatsiya qilish uchun ovoz berdi. O‘shanda mamlakat Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba bu qadam Kiyevning Rossiyaning Ukrainadagi harbiy jinoyatlarida ishtirok etganlarni javobgarlikka tortishga qaratilgan XJS bilan hamkorligini yanada samaraliroq qilishi kerakligini aytgandi. 24 avgust kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Xalqaro jinoiy sud faoliyati asosi bo‘lgan Rim statutini ratifikatsiya qiluvchi qonunni imzoladi.
Qayd etish joiz, Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud 2023 yil martda Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni, 2024 yil noyabr oyida esa Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va mamlakatning sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni hibsga olish bo‘yicha xalqaro order bergan. O‘tgan yili noyabrda XJC prokurorlari Sudgacha bo‘lgan palatadan Myanma prezidenti vazifasini bajaruvchi katta general Min Aun Xlaynni ham hibsga olishga order berishni so‘ragan.
LiveBarchasi