Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondonining yordamchisi o‘zini portlatib yubordi

Olam

image

Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyning yordamchisi Gennadiy Chastyakov Kiyev viloyatining Chayki qishlog‘ida granata portlashi oqibatida halok bo‘ldi. Bu haqda huquq-tartibot idoralaridagi manbalarga tayanib, “Ukraїnska pravda” xabar berdi.

Valeriy Zalujniyning o‘zi ham yordamchisining o‘limini tasdiqlagan. 

“Ukraina Qurolli Kuchlari va shaxsan men uchun ta’riflab bo‘lmaydigan og‘riq va og‘ir yo‘qotish. Bugun, fojiali sharoitda, o‘zining tug‘ilgan kunida yordamchim va yaqin do‘stim, mayor Gennadiy Chastyakov vafot etdi. Sovg‘alardan biridagi noma’lum portlovchi qurilma ishga tushgan. Gennadiyning rafiqasi va to‘rt farzandi qoldi. Uning oilasiga chuqur hamdardlik bildiraman", degan Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni.

Ukraina Ichki ishlar vazirligi vakili Maryana Revaning aytishicha, 39 yoshli Chastyakov qurolga ehtiyotsizlik bilan munosabatda bo‘lishi oqibatida uyida halok bo‘lgan. 

Mahalliy nashrlarning yozishicha, politsiya kvartirani tekshirish chog‘ida beshta buzilmagan granata topib olgan. Chastyakovning rafiqasi huquq-tartibot idoralariga erining qo‘lida portlagan granata u uyga olib kelgan sovg‘a sumkasida bo‘lganini aytgan. Paketni ochish vaqtida portlash sodir bo‘lgan.

Boshqa bir manba esa Chastyakovning o‘g‘li Gleb yuzidan jarohat olganini aytmoqda. Chastyakov go‘yoki granatalardan birini olib, yonida turgan o‘g‘liga uni qanday boshqarishni ko‘rsata boshlagan. 

Keyinchalik Ukraina Ichki ishlar vaziri Igor Klimenko sodir bo‘lgan voqea tafsilotlarini ma’lum qilgan. IIV xabariga ko‘ra, 6 noyabr kuni tug‘ilgan kunini nishonlagan Chastyakov hamkasblarining sovg‘alarini olib, uyiga qaytgan va ularni qarindoshlariga ko‘rsatishni boshlagan.

U ichida granatalar solingan sovg‘a qutisini chiqarib, o‘q-dorilardan birini o‘g‘liga namoyish etgan. Bu G‘arb uslubidagi yangi granatalar edi. Avval o‘g‘li qo‘liga qurolni olib, uning xalqasini buray boshlagan. Shundan so‘ng askar bolaning qo‘lidan granatani olib, xalqani tortib yuborgan va oqibatda fojia sodir bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina Valeriy Zalujniy Gennadiy Chastyakov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing