Ukraina qachon Rossiya bilan muzokaralarni tiklashga tayyor bo‘lishi aytildi

Olam

image

Ukraina va Rossiya vakillari o‘rtasidagi muloqotni qayta tiklash uchun qat’iy muzokara pozitsiyasiga ega bo‘lish kerak. Bu haqda Oliy Rada deputati, Rossiya bilan muzokaralardagi Ukraina delegatsiyasi rahbari David Araxamiya ma’lum qilgan.

“Muzokaralardagi pozitsiyamiz mustahkamlangandagina muloqot davom ettirilishi mumkin”, deydi u.

Araxamiyaga ko‘ra, birinchi navbatda, G‘arb davlatlarining Ukrainaga jo‘natishi kerak bo‘lgan "yetarli hajmdagi" qurol-yarog‘i Kiyevning muzokaralardagi pozitsiyasini mustahkamlashga xizmat qiladi. 

“Bizning Qurolli Kuchlarimiz qurol-yarog‘dan foydalanishga tayyor. Va shunda biz mustahkamlangan pozitsiya bilan muzokaralarning yangi bosqichini boshlashimiz mumkin”, deydi Oliy Rada deputati.

Ukraina delegatsiyasi rahbari Rossiya kuchlari ayni damda aholi punktlari ustidan nazorat o‘rnatishni davom ettirayotganini aytib o‘tgan. 

"Biz bir qadam oldinga, ikki qadam orqaga ketyapmiz va men keyingi muzokaralarni boshlash uchun hech qanday sabab ko‘rmayapman", deydi Araxamiya.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyi o‘rtalarida Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Andrey Rudenko Ukraina bilan muzokaralar to‘xtatilganini, ular hech qanday shaklda olib borilmayotganini ma’lum qilgandi.

Shundan so‘ng, Ukraina Prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak ham ushbu ma’lumotni tasdiqlab, Kiyev Rossiya dunyodagi siyosiy jarayonlarda salbiy rol o‘ynagani tufayli u bilan muzokaralarni to‘xtatganini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

142

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing