Ukraina Iroqdagi hujumlarga aloqadorligini rad etdi
Olam
−
28 iyul 2916 2 daqiqa
Iroq Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Qosim al-Abudiy mamlakat hududida Ukraina uchun ishlagani aytilayotgan guruhlar qo‘lga olinganini ma’lum qildi. Biroq Ukraina Tashqi ishlar vazirligi bu ma’lumotlarni rad etdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati bayonot e’lon qildi.
Qosim al-Abudiyning iddao qilishicha, ushbu shaxslar so‘roq vaqtida Ukraina foydasiga ishlaganini tan olgan. Biroq u bu bayonotlarni tasdiqlovchi dalillarni taqdim etmagan. Ukraina TIVga ko‘ra, buni al-Abudiyning o‘zi ham intervyusida tan olgan.
“Bunday ayblovlarni tasdiqlovchi hech qanday fakt yoki dalil yo‘q. Agar ular uchun asos bo‘lganida, Iroq tomoni bu haqda avval diplomatik kanallar orqali Ukrainaga ma’lum qilgan bo‘lardi. Biz esa ayblovlar haqida jonli efir orqali xabar topdik”, deyiladi bayonotda.
Ukraina TIV bunday bayonotlarni dalillarsiz ommaga e’lon qilishni mas’uliyatsizlik deb baholab, bu ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarga putur yetkazishini ta’kidlagan.
Shuningdek, vazirlik mazkur ayblovlar Rossiya targ‘iboti ilgari surayotgan bayonotlarga mos kelishini qayd etgan. Unga ko‘ra, bu Ukraina va Yaqin Sharq davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni izdan chiqarishga qaratilgan axborot kampaniyasining bir qismi bo‘lishi mumkin.
Ukraina TIV Iroq hukumatini asossiz ayblovlar tarqatilishiga munosabat bildirishga hamda davlat idoralaridan uchinchi tomon manfaatlariga xizmat qiluvchi dezinformatsiyani tarqatish vositasi sifatida foydalanilishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kiyev “terrorchilik faoliyati” geografiyasini tobora kengaytirayotganini da’vo qilgan edi. Bu haqda u bugun, 28 iyul kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Ukraina jangarilarining Iroqdagi vaziyatni beqarorlashtirishdagi ehtimoliy ishtiroki haqidagi savolga javoban ma’lum qilgan.
Live
Barchasi