Ukraina ilk marta Rossiya hududiga ATACMS bilan zarba berdi
Olam
−
19 noyabr
19497Ukraina Mudofaa kuchlari birinchi marta ATACMS ballistik raketalari bilan Rossiya hududiga hujum qildi va u nishonga muvaffaqiyatli urildi. Bu haqda “Censor.net” internet nashri xabar berdi.
Unga ko‘ra, zarba Bryansk viloyatining Karachev shahri yaqinidagi harbiy ob’ektga berilgan.
“Haqiqatan ham, ATACMS birinchi marta Rossiya Federatsiyasi hududiga zarba berish uchun ishlatilgan, zarba Bryansk viloyatidagi ob’ektga urilgan hamda u muvaffaqiyatli amalga oshgan”, deyiladi xabarda.
Karachev Bryanskdan unchalik uzoq bo‘lmagan joyda va Ukraina chegarasidan taxminan 130 km uzoqlikda joylashgan.
Karachev yaqiniga qilingan hujum haqida
Bugun, 19 noyabrga o‘tar kechasi u yerda Rossiya Mudofaa vazirligining Raketa va artilleriya bosh boshqarmasining 67-arsenaliga hujum uyushtirilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda kuchli yong‘inlar aks etgan videolar paydo bo‘ldi. Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi qoshidagi dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi rahbari Andrey Kovalenkoning so‘zlariga ko‘ra, arsenalda artilleriya o‘q-dorilari, jumladan, Shimoliy Koreya snaryadlari saqlangan. Bundan tashqari, bombalar, zenit-raketalar va raketa tizimlari uchun o‘q-dorilar mavjud bo‘lgan.
Bu omborga birinchi marta hujum qilinishi emas. Bungacha oktyabr oyida u Ukraina dronlari tomonidan hujumga uchragan edi. O‘shanda Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabining xabar berishicha, bunday zarbalar dushman uchun logistika muammolarini keltirib chiqaradi va hujum salohiyatini kamaytiradi. ATACMS borib urilganidan so‘ng, nishon hududidagi arsenalda 12 ta ikkilamchi portlash qayd etilgan.
“Rossiyaning Ukrainaga qarshi qurolli tajovuzini to‘xtatish uchun rossiyaliklarga tegishli o‘q-dori omborlarini yo‘q qilish davom etadi”, deya qo‘shimcha qildi Bosh shtab.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Tashqi ishlar vazirligi agar Ukraina Rossiya hududiga hujum qilish uchun uzoq masofali raketalardan foydalansa, bu “AQSH va uning sun’iy yo‘ldoshlarining Rossiyaga qarshi harbiy harakatlarda bevosita ishtirok etishini” anglatishi haqida bayonot bergandi. TIVga ko‘ra, bu “mojaroning mohiyati va tabiatini tubdan o‘zgartirish” degan ma’noni anglatadi.