Ukraina ilk bor Ozon omboriga zarba berdi (video)
Olam
−
14:16 3415 1 daqiqa
Ukraina dronlari bugun, 22 avgustga o‘tar kechasi Rossiyaning Samara viloyatidagi Ozon logistika markaziga ilk bor zarba berdi. Hujum oqibatida omborda yong‘in chiqdi. Bu haqda “Meduza” xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu hududdagi Novokuybishevsk neftni qayta ishlash zavodida ham yong‘in chiqqan.
Ozon matbuot xizmati kompaniyaning ombori hujumga uchraganini tasdiqlagan. Hujumdan bir necha daqiqa oldin ombordan 500 dan ortiq xodim evakuatsiya qilingan. Bir necha kishi jarohatlangan.
“Astra” nashrining ma’lumotiga ko‘ra, gap Chapayevsk shahridagi Ozon logistika markazi haqida ketmoqda. Hujumdan keyin majmua hududida katta yong‘in yuzaga kelgan.
Shuningdek, Samara viloyatining Novokuybishevsk shahridagi neftni qayta ishlash zavodida ham yong‘in chiqqanligi xabar qilingan. Guvohlar tarqatgan foto va videolarda korxona hududidan tutun ko‘tarilayotgani aks etgan.
Ma’lumot uchun, Ozon – Rossiyaning yirik elektron savdo platformalaridan biri hisoblanadi. U 1998 yilda tashkil etilgan bo‘lib, dastlab kitob va videokassetalar sotishga ixtisoslashgan. Hozirda Ozon Rossiyada Wildberriesʼdan keyingi ikkinchi yirik marketpleys hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, Ukrainaning Moskva va Moskva viloyatiga bergan zarbalari oqibatida Podolskdagi “Koledino” industrial parki hududida joylashgan Wildberries marketpleysi omborida yong‘in chiqqan edi.
Live
Barchasi