Ukraina ikki asir Shimoliy Koreya askarini Janubiy Koreyaga topshirdi

Olam

image

Ukraina Rossiyaning Kursk viloyatida asirga olingan ikki Shimoliy Koreya askarini Janubiy Koreyaga topshirdi. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasidagi nutqida ma’lum qildi.

“Yaqinda biz Janubiy Koreyaga ikki nafar Shimoliy Koreya harbiy asirini yubordik”, degan Zelenskiy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu ikki askarni tirik holda asirga olish oson bo‘lmagan. Zelenskiy ulardan biri asirga tushishini anglaganida o‘z joniga qasd qilishga uringanini aytgan.

“Bu yigitlarni tirik holda asirga olish oson emas. Ulardan biri asirga tushishini anglaganida o‘z joniga qasd qilishga urindi. U taqdir unga o‘lishga imkon bermaganidan hayratda qoldi”, degan Ukraina Prezidenti.

Zelenskiy askarlarning Janubiy Koreyaga qaytarilishi tafsilotlarini keltirmagan. Ukraina ularni 2025 yil yanvar oyida Rossiyaning Kursk viloyatida qo‘lga olgan. Ular Shimoliy Koreya Rossiya – Ukraina urushiga 2024 yilda qo‘shilganidan keyin tirik holda asirga tushgan birinchi Shimoliy Koreya harbiylari bo‘lgan.

Zelenskiy avvalroq ushbu ikki askarni Rossiyada asirlikda saqlanayotgan ukrainaliklarga almashish imkoni bo‘lsa, Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Inga topshirishga tayyorligini aytgan edi.

Biroq inson huquqlari tashkilotlari Ukraina rahbarini askarlarni Janubiy Koreyaga qaytarishga chaqirgan. Ular Shimoliy Koreyaga qaytarilgan taqdirda harbiylar jazoga duch kelishi mumkinligidan xavotir bildirgan. Janubiy Koreya ommaviy axborot vositalari esa asirga olingan ikki askar Janubiy Koreyaga o‘tish istagini bildirgani haqida xabar bergan.

Janubiy Koreya Tashqi ishlar vazirligi harbiylarning qaytarilgani, jumladan, bu qachon amalga oshirilgani haqidagi ma’lumotlarni tasdiqlamagan. Vazirlik buni askarlar va ularning oilalari xavfsizligi bilan izohlagan.

Janubiy Koreya joriy yilning iyun oyida Rossiya tomonida Ukraina urushida qatnashgan va qaytarilishni istamagan barcha Shimoliy Koreya harbiy asirlarini qabul qilishini bildirgan edi.

Zelenskiy BMTdagi nutqida Shimoliy Koreyaning Rossiyaga harbiy yordam ko‘rsatayotganini ham tanqid qilgan.

“Nega koreyslar Ukrainaga qarshi urushda jon berishi kerak? Kim Chen In ulardan valyuta kabi foydalanmoqda. Va u evaziga nimadir olyapti”, degan Zelenskiy.

Ukraina va Janubiy Koreya hisob-kitoblariga ko‘ra, Shimoliy Koreya 2024 yildan buyon Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida yordam berish uchun 14–15 ming nafarga yaqin harbiy yuborgan. Ularning aksariyati Rossiyaning Kursk viloyatiga joylashtirilgan bo‘lib, Rossiya qo‘shinlariga Ukraina armiyasining hududdagi amaliyotini qaytarishda yordam bergan.

Shuningdek, Shimoliy Koreya Rossiyaga millionlab artilleriya va minomyot snaryadlari, ballistik raketalar, uzoq masofali artilleriya qurollari hamda ko‘p sonli reaktiv tizimlarni yetkazib bergani haqida Ukraina va mustaqil ekspertlar ma’lumotlari mavjud.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Pxenyan tomonidan Rossiya hududiga ittifoqchisini qo‘llab-quvvatlash uchun 30 – 50 ming nafargacha Shimoliy Koreya harbiylari yuborilishi rejalashtirilganini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing