Ukraina iqtisodiyoti 2022 yilda qanchaga qisqargani aytildi

Olam

image

Ukraina mustaqillikka erishganidan buyon o‘z tarixidagi eng katta iqtisodiy yo‘qotishga 2022 yilda duch keldi. Bu haqda mamlakat iqtisodiyot vazirligiga tayanib, CNN nashri kecha, 5 yanvar kuni xabar berdi.

Qayd etilishicha, mutaxassislar Rossiya bosqinidan ko‘p o‘tmay, Ukraina iqtisodiyotiga yetadigan zarar miqdori kamida 40-50 foizni tashkil etishini taxmin qilgan. Lekin bu ko‘rsatkich 30,4 foizdan oshmagan.

Ukraina iqtisodiyot vaziri Yuliya Sviridenko mamlakat yalpi ichki mahsuloti (YAIM) hajmini taxmin qilinganidan yaxshiroq holatda saqlab qolinishining asosiy omillarini sanab o‘tgan.

“Ukraina Qurolli Kuchlarining jang maydonidagi muvaffaqiyati, hukumat va tadbirkorlarning muvofiqlashtirilgan ravishda ish ko‘rishi, aholining ko‘tarinki ruhiyati, shikastlangan va vayron qilingan muhim infrastruktura ob’ektlarining tezlikda qayta tiklanishi, qolaversa, xalqaro hamkorlarning tizimli moliyaviy yordami bizga iqtisodiy jabhani saqlab qolish va g‘alaba sari intilishga imkon berdi”, degan u.

Vazirga ko‘ra, 2022 yilning dekabr oyida Rossiyaning raketa zarbalari ishbilarmonlik kayfiyati va faolligiga bosim o‘tkazishda davom etgan.

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, urushdan avvalgi 2021 yilda Ukraina iqtisodiyoti 3,4 foizga o‘sgan.

Avvalroq, finlyandiyalik mutaxassis Rossiya va Ukraina YAIM ko‘rsatkichi qancha pasayganini taqqoslab, bu Ukrainada 40 foizga, Rossiyada esa 4 foizga kamayganini qayd etgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal Rossiyaning Ukrainaga qarshi boshlagan keng ko‘lamli urushi natijasidagi yo‘qotishlar miqdorini 700 milliard dollardan oshganini ma’lum qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

iqtisodiyot Ukraina YaIM

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing