Ukraina chetdan qurol xarid qilishda 770 mln dollar yo‘qotdi
Olam
−
17 may
4520Ukraina mudofaa ehtiyojlari uchun chet eldan qurol va o‘q-dorilarni tezkor va katta hajmda xarid qilish chog‘ida 770 million dollar yo‘qotdi. Bu haqda “Financial Times” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, mamlakat hududlariga Rossiya kuchlari bostirib kirgandan so‘ng, Ukraina tezkor qurol va o‘q-dorilar sotib olishga majbur bo‘lgan. Biroq kamida 30 ta shartnoma bo‘yicha Ukraina oldindan to‘lov qilgan bo‘lsa-da, qurol-yarog‘ni ololmagan.
Surishtiruv natijalariga ko‘ra, urush boshlanganidan buyon Ukraina 770 million dollar miqdorida oldindan to‘lovlarni xorijiy yetkazib beruvchilarga amalga oshirgan. Ammo bu mablag‘ evaziga qurol-yarog‘lar yoki yetkazilmagan, yoki faqat qisman topshirilgan, yoki sifatsiz bo‘lgan. Bu summa Ukrainaning har yili mudofaa uchun ajratadigan 6–8 milliard dollarlik byudjetining sezilarli qismini tashkil qiladi.
Ukraina huquqni muhofaza qilish organlari bir nechta xorijiy qurol vositachilari bilan tuzilgan shartnomalarni tekshirmoqda. Ba’zi shartnomalar bo‘yicha jinoiy ishlar qo‘zg‘atilgan, ammo hozircha hech kimga rasmiy ayblov qo‘yilmagan.
Jumladan, Ukraina Mudofaa vazirligining harbiy-texnik siyosati departamenti sobiq rahbarlari Tomas Naxkur va Aleksandr Liyev, shuningdek, “Lvovskiy arsenal” kompaniyasi menejerlari va xorijiy firma vakili ustidan 1,5 milliard grivna (36,2 million dollar) mablag‘ni o‘zlashtirishga urinish bo‘yicha ish ochilgan.
Ular Xorvatiyadan 100 ming dona minomyot snaryadini xarid qilish chog‘ida noqonuniy harakatga qo‘l urgan bo‘lishi mumkin. Ushbu savdoda oldindan to‘langan 12,5 million dollar vositachilar orqali maqsadsiz ishlatilgan bo‘lishi mumkin.
Naxkur va Liyev ayblarni rad etib, urush sharoitida istalgan yo‘l bilan qurol topishga majbur bo‘lganliklarini ta’kidlamoqda.
Qayd etilishicha, Ukraina Mudofaa vazirligi hozirda 309 million dollar miqdoridagi oldindan to‘lovlarni sud orqali qaytarishga urinmoqda. Qolgan 460 million dollarni esa muzokaralar orqali yetkazib beruvchilardan qaytarib olishga umid qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mudofaa bo‘yicha Yevropa komissari Andryus Kubilyus o‘zining X ijtimoiy tarmog‘ida agar AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya rahbari Vladimir Putinni urushni tezda tugatishga ko‘ndirmasa, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari Ukrainaga harbiy yordamni sezilarli darajada oshirishi mumkinligi haqida yozgan edi.
LiveBarchasi