Ukraina bo‘yicha muzokaralarning uchinchi bosqichi o‘tkaziladi – Peskov
Olam
−
18:03 870 1 daqiqa
Bugun, 13 fevral kuni Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya, AQSH va Ukraina vakillari o‘rtasidagi muzokaralarning navbatdagi bosqichi 17–18 fevral kunlari bo‘lib o‘tishini ma’lum qildi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuv Jenevada uch tomonlama formatda tashkil etiladi. Rossiya delegatsiyasiga Prezident yordamchisi Vladimir Medinskiy rahbarlik qiladi. Avvalgi ikki uchrashuvda delegatsiyaga Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi Bosh boshqarmasi boshlig‘i Igor Kostyukov boshchilik qilgan edi.
Joriy yilning yanvar oyi oxiri va fevral oyining boshlarida Abu-Dabida Moskva, Kiyev va Vashington vakillari ishtirokida ishchi guruhning yopiq muzokaralari o‘tkazilgandi. Unda AQSH tomonidan taklif etilgan tinchlik rejasidagi ochiq qolayotgan masalalar muhokama qilingan.
Ikkinchi bosqich yakunida tomonlar harbiy asirlar almashinuvi bo‘yicha kelishuvga erishgan. Ushbu kelishuvlar yuzasidan muhokamalar davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Ukraina va Rossiyaga qariyb to‘rt yillik urushni tugatish bo‘yicha kelishuvga erishish uchun joriy yilning iyun oyiga qadar muddat bergani haqida xabar berilgandi.
Jamshidbek Amirov
Live
Barchasi