Ukraina Bosh vaziri iste’foga chiqdi
Olam
−
15 iyul 7697 2 daqiqa
Bugun, 15 iyul kuni Ukraina Bosh vaziri Denis Shmigal iste’foga chiqdi. Bu haqda siyosatchi o‘zining rasmiy Telegram-kanalida ma’lum qildi.
U o‘z qo‘li bilan yozilgan iste’fo arizasi suratini e’lon qildi.
“Oldingi saflarda turib, Ukrainani himoya qilayotgan barcha himoyachilarimizga minnatdorlik bildiraman! Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyga bildirgan ishonchi uchun rahmat! Butun jamoamizga davlatimiz yo‘lida tinimsiz ishlagani uchun tashakkur”, deb yozdi Shmigal.
Ma’lumot uchun, Denis Shmigal 1975 yil 15 oktyabrda Lvov shahrida tug‘ilgan. U Lvov Politexnika universitetining “Ishlab chiqarish sohasida boshqaruv (mashinasozlik)” yo‘nalishini tamomlagan va muhandis-iqtisodchi mutaxassisligiga ega. U fan nomzodi bo‘lib, ukrain, rus, ingliz va polyak tillarini biladi. Turli yillarda u bankda, avtobus zavodida, Lvov viloyati ma’muriyatida ishlagan, shuningdek, deputat yordamchisi bo‘lgan.
2014 yilda u parlament saylovlarida, keyinroq esa Lvov viloyat kengashiga nomzod sifatida qatnashgan, ammo ikkala saylovda ham g‘alaba qozona olmagan. 2015-2019 yillarda u xususiy biznes bilan shug‘ullangan, 2019 yilda Zelenskiy farmoni bilan Ivano-Frankovsk viloyati davlat ma’muriyati raisi etib tayinlangan.
Oradan yarim yil o‘tib, 2020 yil 4 fevralda Shmigal bosh vazir o‘rinbosari – jamoalar va hududlar rivojlanishi vaziri etib tayinlangan, bir oy o‘tib esa Aleksey Goncharuk o‘rniga Bosh vazir lavozimini egallagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukraina hukumatini yangilamoqchi ekanini aytgan edi. Xususan, Mudofaa vaziri Rustam Umarovning o‘rniga Denis Shmigal tayinlanishi kutilmoqda. Shuningdek, Ukraina yetakchisi birinchi vitse-bosh vazir – Iqtisodiyot vaziri Yuliya Sviridenkoni hukumat rahbari lavozimiga nomzod sifatida taklif qilgan.