Ukraina bir necha oy ichida yadroviy bomba yaratishi mumkin – “The Times”
Olam
−
14 noyabr
5131Agar AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp Kiyevga harbiy yordamni to‘xtatsa, Ukraina bir necha oy ichida sodda yadroviy bomba yaratishi mumkin. Bu haqda “The Times” nashri xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, bu bo‘yicha ma’lumotlar Ukraina Mudofaa vazirligi uchun mamlakat Milliy strategik tadqiqotlar instituti bo‘limi boshlig‘i Aleksey Ijak tomonidan tayyorlangan hujjatda keltirilgan. Unda qayd etilishicha, Ukraina 1945 yilning 9 avgustida AQSH tomonidan Yaponiyaning Nagasaki shahriga tashlangan “Fat Man” bombasiga o‘xshash texnologiyadan foydalanib, plutoniy asosidagi yadroviy qurolni tezda ishlab chiqishi mumkin.
Nashrning yozishicha, Ukraina yadro yoqilg‘isini boyitish uchun yirik zavodlarni qurish va ishlatish imkoniyatiga ega emas. Shu sababli yadro qurolini yaratish uchun AESda foydalanilgan yoqilg‘idan olingan plutoniydan foydalanilishi mumkin. Ukraina ixtiyorida taxminan 7 tonna plutoniy mavjudligi aytilmoqda, bu esa bir necha kilotonli yuzlab taktik kallaklar yaratish uchun yetarli.
Hisobotga ko‘ra, Ukraina yaratishi mumkin bo‘lgan yadro bombasi “Fat Man” bombasi kuchining o‘ndan bir qismini tashkil etadi. Bu esa Rossiyaning harbiy bazasini yoki harbiy, sanoat va logistik ob’ektni yo‘q qilish uchun yetarli bo‘ladi. Lekin yadro zaryadining aniq quvvatini taxmin qilish qiyin, chunki unda ishlatiladigan plutoniyning izotoplari har xil bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp Ukrainaga Rossiya bilan harbiy nizoni hududlarni qaytarmasdan muzlatishni va NATOga kamida 20 yilgacha qo‘shilishdan voz kechishni taklif qilishi mumkinligi xabar qilingan edi.
LiveBarchasi