Ukraina bilan urushda qariyb 400 ming rossiyalik askar nogironga aylandi
Olam
−
14 fevral 2025 3760 2 daqiqa
Ukraina bilan davom etayotgan uch yillik urush Rossiyaga yuz minglab halok bo‘lganlar bilan birga, Bryansk yoki Tver aholisi bilan teng sonli nogironlar “armiyasini” ham “sovg‘a qildi”. Bu haqda Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti (IISS) tomonidan tayyorlangan yillik “Military Balance” hisobotida keltirilgan.
Hisobotga ko‘ra, 2024 yil oxiriga kelib, 376 ming rossiyalik frontda og‘ir jarohatlar olib, nogiron bo‘lib qolgan. Urush boshlanganidan beri Rossiya armiyasining umumiy yo‘qotishlari 783 ming kishini tashkil qiladi. Ulardan 172 ming nafari halok bo‘lgan, 611 ming nafari jarohatlangan. Jarohatlanganlar orasida 235 ming kishi davolanishi mumkin bo‘lgan toifaga kiradi, qolganlari esa nogironga aylangan. Og‘ir jarohat olganlar orasida har ikkinchi kishi amputatsiyaga duch kelgan. IISS hisob-kitoblariga ko‘ra, frontdan qaytgan amputant-nogironlar soni 180 mingdan oshishi mumkin.
Shunga o‘xshash raqamlar 2023 yil oxirida Rossiya Mehnat vazirligi tomonidan ham e’lon qilingan. “Maxsus harbiy operatsiya” ishtirokchilari orasida tibbiy-ijtimoiy ekspertiza tomonidan tasdiqlangan nogironlik holatlarining yarmidan ko‘pi qo‘l yoki oyoq amputatsiyasi bilan bog‘liq ekanini Mehnat vaziri o‘rinbosari Aleksey Vovchenko ham aytgan.
“Tasdiqlangan nogironlar orasida amputatsiya qilinganlar 54 foizni tashkil qiladi. Bu juda jiddiy muammo, bu juda katta ko‘rsatkich”, degan u.
Unga ko‘ra, yuqori a’zolarning amputatsiyasi umumiy holatlarning 20 foizini tashkil qiladi va bu ham “misli ko‘rilmagan darajada yuqori ulush” hisoblanadi.
Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda (hozircha keyingi statistika e’lon qilinmagan) Rossiyada nogironlar soni 108 ming kishiga ko‘paygan – bu 2005 yildan beri rekord daraja. Nogironlik pensiyasini oluvchilar soni ham deyarli shuncha ortgan. Bu 1990 yillarning oxiridan beri eng yuqori o‘sish. O‘sha davrda Checheniston urushi faxriylari ommaviy ravishda statistika bazasiga kiritilgan. 2023 yil oxiriga kelib, reabilitatsiya texnik vositalariga muhtoj bo‘lgan nogironlar soni so‘nggi 11 yildagi eng yuqori darajaga yetib, 468 ming kishini tashkil etgan. Urush boshlanganidan beri ularning soni 42 foizga oshgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘tgan yil davomida Ukrainadagi jangovar harakatlar oqibatida bedarak yo‘qolganlar soni ikki baravardan ko‘proq oshib, 50 ming kishiga yetgani xabar qilingandi. Unga ko‘ra, Ukrainada bedarak yo‘qolganlarning qariyb 90 foizi harbiy xizmatchilar hisoblanadi.
Live
Barchasi