Ukraina Amerika dronlarini Xitoyniki bilan almashtirdi – WSJ

Olam

image

Amerikada ishlab chiqarilgan dronlar Rossiyaga qarshi urushda samarasizligini isbotladi. Bu Ukrainani Xitoydan dronlar va ular uchun ehtiyot qismlar sotib olishni boshlashga majbur qildi. Bu haqda “The Wall Street Journal” xabar berdi.

Nashr keltirgan PitchBook ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi ikki yil ichida AQSHning 300 ga yaqin dron kompaniyalari jami 2,5 milliard dollarga yaqin venchur kapital to‘plagan. Biroq ular ishlab chiqargan dronlarning aksariyati Rossiya armiyasiga qarshi janglarda yaroqsiz bo‘lib chiqdi.

Ukraina Qurolli kuchlari Amerika dronlaridan foydalanishda duch kelgan asosiy muammo bu ularning Rossiyaning GPS texnologiyasini yengib chiqa olmasligidir. Bundan tashqari, qurilmalar ko‘pincha havoga ko‘tarilish yoki bazaga qaytish, shuningdek, belgilangan masofalarni bosib o‘tish yoki yuklarni tashish imkoniga ega emas edi.

“Silikon vodiysidan Skydio Ukrainaga o‘zining bir necha yuzlab eng yaxshi dronlarini jo‘natdi. Biroq, ularning aksariyati yo‘ldan adashib qoldi. Kompaniyaning o‘zi uning dronlari oldingi liniyada unchalik muvaffaqiyatli bo‘lmaganini tan oldi va yangi flotni ishlab chiqishni e’lon qildi”, deb yozadi WSJ.

Bir nechta dron startaplari rahbarlari kompaniyalar Ukrainada elektron urush rivojlanishini kutmaganini bildirdi. Ba’zi dronlar, shu jumladan Skydio dronlari ham bir necha yillar oldin AQSH armiyasi tomonidan o‘rnatilgan aloqa standartlariga javob beradigan tarzda ishlab chiqilgan. Ukraina Raqamli transformatsiya vaziri o‘rinbosari Georgiy Dubinskiyning so‘zlariga ko‘ra, dronlar har kuni yangilanib turishni talab qiladi.

“Bugun uchayotgan narsa ertaga ucha olmaydi. Biz tezda yangi texnologiyalarga moslashishimiz kerak. Bu urushda innovatsiyalar davri juda qisqa”, deydi u. 

Dubinskiyning qo‘shimcha qilishicha, Ukraina ko‘proq Amerika dronlarini sinab ko‘rish va ulardan foydalanishni xohlaydi, biroq ayni paytda boshqa tejamkor yechimlarni qidirmoqda.

Bir nechta dron ishlab chiqaruvchilar, jumladan Skydio yangilangan elektron urush tizimlariga ega yangi dronlarni ishlab chiqishni allaqachon e’lon qildi. Skydio yangi qurilmasi AQSH Mudofaa vazirligi talablarini emas, balki Kiyevning harbiy ehtiyojlarini hisobga olishini aytdi. Ukraina minglab yangi Skydio X10-larni so‘radi, ular signali elektron shovqin bilan bloklanganidan keyin chastotalarni o‘zi o‘zgartira oladigan radioga ega. Skydio vakilining so‘zlariga ko‘ra, dronning navigatsiya imkoniyatlari yaxshilangan, shuning uchun u GPS'siz yuqori balandliklarda ucha oladi.

“Amerika dronlari bilan bog‘liq muammolar, ularning qimmatligi va ta’mirlashdagi qiyinchiliklar fonida Ukraina Xitoydan o‘n minglab dronlar va ular uchun ehtiyot qismlarni olish yo‘lini topdi. Gap birinchi navbatda SZ DJI Technology qurilmalari haqida bormoqda”, deya qayd etadi WSJ.

Xitoyning DJI kompaniyasi o‘zini Ukraina armiyasida mashhur dron brendi sifatida ko‘rsatdi. Biroq kompaniya bundan afsusda ekanini bildirdi. 

"DJI o‘z mahsulotlaridan dunyoning istalgan nuqtasiga zarar yetkazish uchun foydalanishidan mutlaqo afsusda va buni qoralaydi", deydi kompaniya vakili.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Ukraina o‘zining dron ishlab chiqarish sanoatini yaratgan va unda Xitoy komponentlari ham qo‘llaniladi. WSJ'ning yozishicha, Ukraina Qurolli kuchlari har oyda 10 mingga yaqin dronlarni yo‘qotadi. Ukraina armiyasi har biri Xitoynikidan o‘n minglab dollarga qimmatroq bo‘lgan Amerika dronlarini sotib olishga to‘g‘ri kelsa, bunga qurbi yetmasdi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Ukraina dron

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing