Ukraina AQSHga mineral resurslar bo‘yicha kelishuv loyihasini topshirdi

Olam

image

Ukraina kecha, 14 fevral kuni AQSHga mineral resurslarni yetkazib berish bo‘yicha ikki tomonlama kelishuv bo‘yicha takliflarni taqdim etdi. Bu haqda ikki xabardor manbasiga tayanib, “Amerika ovozi” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Kiyev AQSHning xavfsizlik kafolatlari doirasida o‘z tabiiy resurslarini Amerika sarmoyasi uchun ochish bo‘yicha kelishuv tuzishga tayyorligini ma’lum qilgan. Xususan, gap noyob yer minerallari: titan, uran va litiy haqida bormoqda.

Moliya vaziri Skott Bessent 12 fevral kuni Vashingtonda ishlab chiqilgan kelishuv loyihasi bilan Kiyevga tashrif buyurgandi. Zelenskiy buni Myunxen xavfsizlik konferensiyasidagi uchrashuv oldidan o‘rganishini aytgan.

Bessent kecha, 14 fevral kuni “Fox Business Network” telekanaliga bergan intervyusida Tramp ma’muriyatining urushni tugatish rejasi AQSH va Ukraina o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni rag‘batlantirishini va AQSH o‘zining “xususiylashtirish bo‘yicha eng yaxshi amaliyotlarini” muhokama qilishini aytgan.

“Buning bir qismi Ukraina iqtisodiyoti bilan Amerika iqtisodiyoti o‘zaro bog‘lanishidan boshlanadi, shunda amerikalik soliq to‘lovchilar o‘z pullarini olishadi”, degan Bessent.

Myunxenda AQSH senatorlaridan iborat ikki partiyaviy guruh va Vladimir Zelenskiy o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda AQSH va Ukraina o‘rtasida foydali qazilmalarni qazib olish bo‘yicha kelishuv masalasi muhokama qilingan.

Zelenskiyning ta’kidlashicha, AQSHga taqdim etilgan takliflar “Ukraina konstitutsiyasiga muvofiq” tuzilgan.

O‘tgan hafta Ukraina Prezidenti bu tabiiy resurslarni birgalikda o‘zlashtirish uchun o‘zaro manfaatli hamkorlik ekanini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp Rossiya Federatsiyasi tomonidan harbiy tajovuzga uchragan Ukraina “bir kun Rossiyaniki bo‘lib qolishi mumkin”ligini istisno etmagandi. Shuningdek, u Ukrainaning tabiiy resurslari, xususan, noyob tuproq metallari evaziga Ukrainaga Amerika yordamini taqdim etish taklifini takrorlagandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Ukraina Myunxen xavfsizlik konferentsiyasi MSC mineral resurslar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing