Ukraina AQSH yordamisiz bir necha oygina chidashi mumkin – WSJ
Olam
−
25 fevral
4661Agar AQSH Ukrainaga harbiy yordamni to‘xtatsa, Kiyev joriy jangovar harakatlar sur’atini yozgacha ushlab turishi mumkin. Undan keyin esa o‘q-dorilari tugaydi va Qurolli kuchlar zamonaviy qurol tizimlaridan foydalanish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi. Bu haqda sobiq va amaldagi G‘arb rasmiylariga tayanib, “The Wall Street Journal” xabar berdi.
AQSH Mudofaa vazirining xalqaro xavfsizlik masalalari bo‘yicha sobiq yordamchisi Selesta Uollander vaziyatni biroz optimistik baholaydi. Uning fikricha, Kiyev kamida yil o‘rtalarigacha dosh bera oladi, chunki u Donald Tramp inauguratsiyasidan oldin AQSHdan yirik harbiy yordam qabul qilib olgan.
Ukraina Prezidenti yordamchisining aytishicha, AQSH harbiy yordamini to‘xtatishi – eng yomon ssenariy bo‘lib, u Ukraina harbiy ishlab chiqarishini oshirish va Yevropa davlatlaridan ko‘proq yordam olishni talab qiladi.
G‘arb manbalari bergan ma’lumotlarga ko‘ra esa hozirgi paytda Ukraina o‘z harbiy texnikasining taxminan 55 foizini o‘zi ishlab chiqaradi, AQSH ta’minoti 20 foizni, Yevropaniki esa 25 foizni tashkil qiladi.
Ukraina rasmiylariga ko‘ra, mamlakat yiliga 2,5 million artilleriya va minomyot snaryadlari ishlab chiqaradi, bu esa urush boshlanganidan beri AQSH tomonidan yetkazib berilgan 3 million artilleriya snaryadidan kamroq. Yevropa Ittifoqi esa 2024 yilda 1,4 million snaryad ishlab chiqargan va 2025 yilda 2 millionga yetkazishni rejalashtirmoqda.
Biroq AQSH yetkazib berayotgan ayrim qurollar qisqa muddatda boshqa manbalardan o‘rnini bosib bo‘lmaydigan darajada muhim. Ularga quyidagilar kiradi:
- Patriot zenit-raketa tizimlari;
- Yer-yer sinfidagi ballistik raketalar;
- Starlink sun’iy yo‘ldosh aloqa tizimlari;
- ATACMS uzoq masofaga uchuvchi raketalar.
AQSH o‘q-dorilari tugashi bilan Ukraina Qurolli kuchlarining uzoq masofalarga zarba berish va mudofaani ta’minlash qobiliyati pasayadi.
“Sizga eng yuqori sifatli harbiy texnologiyalarni yetkazib beradigan hamkorning mavjudligi – ba’zi sohalarda o‘rnini bosa olmaydigan ustunlikdir”, deydi Chexiya hukumatining Ukrainani tiklash bo‘yicha vakili Tomas Kopechniy.
Ukrainaning sobiq tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kulebaning fikricha, Kiyevga qurol yetkazib bermaslik tahdidi – unga bosim o‘tkazishning eng kuchli vositasi.
“Bizda hali olti oy bor, undan keyin esa oldingi chiziqda qurol taqchilligi sezila boshlaydi”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari Ukrainaga o‘q-dorilar yetkazib berishdan iborat yangi harbiy yordam paketini taqdim etishga hozirlik ko‘rayotgani xabar qilingandi.
LiveBarchasi
Trenddagilar
