Ukraina 36 ta Rossiya dronini urib tushirganini e’lon qildi
Olam
−
25 may 2023
5145Bugun, 25 may kuni Ukraina Rossiya tomonidan amalga oshirilgan tungi hujumlarda Eronda ishlab chiqarilgan 36 ta dronning barchasini urib tushirganini e’lon qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bu “mashaqqatli tun” bo‘lganini, ammo havo hujumidan mudofaa ishlarini yuqori baholashini aytgan.
“Ukrainani terror qilishda davom etayotgan dushman 36 ta Shahed (dron)dan foydalandi. Ulardan hech biri o‘z maqsadiga erisha olmadi. 100% natija uchun havo hujumidan mudofaa kuchlarimizga rahmat”, deb yozgan u Telegram-kanalida.
Ta’kidlanishicha, o‘tgan yilning oktyabr oyidan boshlab, Moskva Ukrainadagi nishonlarga hujum qilish uchun muntazam ravishda uchuvchisiz samolyotlarni qo‘llay boshlagan.
Ukraina havo kuchlari esa Rossiya tomoni mamlakatning g‘arbiy viloyatlardagi muhim infratuzilma va harbiy ob’ektlarga hujum qilishni maqsad qilganini taxmin qilmoqda. Ularning bildirishicha, Rossiya hujumda Eronda ishlab chiqarilgan Shahed 136 va Shahed 131 dronlarini ishlatgan.
Shuningdek, Kiyev harbiy ma’muriyati rahbari poytaxtga bir necha uchuvchisiz samolyotlar to‘lqini hujum qilgani, biroq barchasi urib tushirilganini ma’lum qilgan. Bu joriy oyda Kiyevga qilingan 12-hujumdir.
Bundan tashqari, Ukraina janubi va g‘arbidagi mintaqaviy va harbiy idoralar ham uchuvchisiz qurilmalarni urib tushirgani haqida xabar bergan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Qrimning Bog‘chasaroy viloyatida uchuvchisiz uchish qurilmasi urib tushirilgandi.
LiveBarchasi