Ukraina hududlarining maqomi muhokama qilinishi kerak – NATO

Olam

image

Ukrainada tinchlik kelishuvi shartlarini muhokama qilishda hozir Rossiya nazoratida bo‘lgan Ukraina hududlari taqdiri masalasini chetlab o‘tish mumkin bo‘lmaydi. Bunday fikrni NATO Bosh kotibi Marq Ryutte kecha, 10 avgust kuni, AQSH va Rossiya Prezidentlari — Donald Tramp va Vladimir Putinning Alyaskadagi uchrashuviga bir necha kun qolganida, ABC News telekanali efirida bildirdi.

“Masala to‘liq miqyosli muzokaralarga yetib borsa – va umid qilaylikki, juma kuni (15 avgust) bu jarayonda muhim qadam tashlanadi – so‘z hududlar haqida bo‘ladi. Albatta, gap xavfsizlik kafolatlari haqida ham boradi, ammo shu bilan birga, Ukraina o‘z kelajagi haqida qaror qabul qiladigan suveren davlat bo‘lishi zarurligini tan olish mutlaq zarur. Ukraina o‘z geosiyosiy kelajagi haqida, albatta, o‘z qurolli kuchlari darajasiga cheklov qo‘yilmagan holda, mustaqil qaror qabul qilishi kerak”, dedi u.

NATO Bosh kotibi Rossiya Ukrainaga tegishli ayrim hududlarni nazorat qilib turgani haqiqat ekanini ham tan oldi.

“Hozirgi masala – o‘t ochishni to‘xtatgandan so‘ng, shu jumladan Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari masalasida olg‘a intilishdir. Masala hududlar bilan bog‘liq jarayonga kelganda, masalan, Rossiya de-fakto – ya’ni amalda – Ukraina hududining ayrim qismini nazorat qilayotganini tan olish haqida gap ketsa, bu faqat fakt sifatidagi tan olish bo‘lishi kerak, siyosiy yoki huquqiy (de-yure) tan olish emas”, dedi Ryutte. 

U bunday holatga misol sifatida G‘arbning bir necha o‘n yillar davomida Baltikbo‘yi mamlakatlari amalda SSSR nazoratida bo‘lganiga munosabatini keltirdi.

Putin va Trampning Alyaskadagi kutilgan uchrashuviga to‘xtalar ekan, Ryutte uni Rossiya rahbarining Ukrainadagi urushni tugatish borasidagi niyatlari qay darajada jiddiy ekanini ko‘rsatadigan bir turdagi “sinov” deb atadi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh NATO Rossiya Vladimir Putin Donal'd Tramp Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing