Ukrainada favqulodda holat joriy etish bo‘yicha qaror qabul qilindi
Olam
−
23 fevral 2022
11327Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi bugun, 23 fevral uni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat joriy etish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Biroq yakuniy qaror Oliy Rada tomonidan 48 soat ichida tasdiqlanishi kerak. Bu haqda Kengash kotibi Aleksey Danilov xabar bergan.
“Biz Donetsk va Lugansk viloyatlaridan tashqari butun Ukraina bo‘ylab favqulodda holat joriy etish masalasini muhokama qildik”, deydi u uchrashuv yakunlari bo‘yicha brifingda.
Qayd etilishicha, Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining [favqulodda holat joriy etish to‘g‘risida] qarori qabul qilingan. Hujjat Oliy Rada tomonidan 48 soat ichida qo‘llab-quvvatlanishini kutilmoqda.
Mazkur qaror Donetsk va Lugansk viloyatlariga daxldor emas, chunki ularda 2014 yildan buyon alohida huquqiy rejim mavjud.
Xavfsizlik kengashi kotibining fikricha, favqulodda holat fuqarolar hayotiga tubdan ta’sir ko‘rsatmaydi. Uning taxminiga ko‘ra, markaziy va mahalliy hokimiyat vakillaridan iborat hududiy komissiyalar vaziyatga qarab muayyan cheklovlar bo‘yicha qarorlar qabul qiladi. Kotibning aniqlik kiritishicha, bu jamoat tartibini muhofaza qilish, transport harakatini cheklash, transport vositalari va fuqarolarning hujjatlarini tekshirish bo‘yicha kuchaytirilgan rejim bo‘lishi mumkin.
“Bu profilaktika bo‘lib, mamlakatda tinchlikni ta’minlash, iqtisodiyotni to‘xtatib qo‘ymaslik uchun amalga oshirilmoqda”, deb tushuntirdi u.
Qolaversa, Ukrainada komendantlik soati ham joriy qilini mumkin.
"Agar zarurat tug‘ilsa, hududlarda komendantlik soati joriy etilishi mumkin. Bu mahalliy shtab qarori bilan bo‘ladi", deydi Danilov.
Favqulodda holat amaldagi qonunchilikka muvofiq 30 kun davom etadi. Shu bilan birga, Prezident uni yana bir oyga uzaytirish huquqiga ega.
"Ikki holatda ham qaror Oliy Rada tomonidan ma’qullanishi kerak", deydi Danilov.
Harbiy holat va safarbarlik to‘g‘risida
Xavfsizlik kengashi kotibi Ukraina o‘z hududiga bostirib kirilgan taqdirda harbiy holat joriy etishini aytdi.
“Bizga doimo bosqinchilik tahdidi qilinmoqda, biroq biz Rossiya Federatsiyasi bilan chegaralarimizda, mashg‘ulotlar o‘tayotgan Belarusda sodir bo‘layotgan barcha jarayonlardan aniq xabardormiz”, deydi u.
Danilovga ko‘ra, mamlakata bostirib kirilgan taqdirda darhol harbiy holat joriy etiladi. Shuningdek, poytaxtga ehtimoliy hujum sodir etilsa, Ukraina harbiylari javob qaytarishga ham tayyor.
“Kiyevga hujum qilingan taqdirda, darhol javob qaytariladi. Biz Rossiya Federatsiyasidan keladigan xavflarni tushunamiz. Biz qo‘shinlarimiz javob qaytarishga tayyor ekanligini aniq tushunamiz. Qaysi shaharga hujum qilinishi muhim emas”, deydi Danilov.
Shuningdek, uning qo‘shimcha qilishicha, bugun Ukraina kun tartibida safarbarlik to‘g‘risida qaror qabul qilish rejasi yo‘q. Agar kerak bo‘lsa, qabul qilinadi.
“Hozircha Prezident farmoniga muvofiq, rezervdagilar harbiy xizmatga chaqirilmoqda. Bugun ularning soni 36 000 nafarni tashkil etadi”, deydi Danilov.
LiveBarchasi