O‘quvchi qizlarni zaharlaganlar o‘ldiriladi – Eron oliy rahbari

Olam

image

Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Homanaiy bugun, 6 mart kuni maktablarga qilingan hujumlar to‘lqinidan jamoatchilikning g‘azabi ortishi fonida o‘quvchi qizlarni zaharlash “kechirilmas” jinoyat ekanini va agar bu qasddan qilingan bo‘lsa, o‘lim bilan jazolanishi kerakligini aytdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

“Hokimiyat o‘quvchilarning zaharlanishi bilan bog‘liq masala bilan jiddiy shug‘ullanishi kerak. Agar bu qasddan sodir etilganligi isbotlansa, bu kechirilmas jinoyatni sodir etganlar o‘lim jazosiga hukm qilinishi kerak”, degan Oyatulloh Ali Homanaiy davlat telekanalidagi chiqishida. 

Qayd etilishicha, noyabr oyidan beri 1000 dan ortiq qiz zaharlangan. Maktablardagi bunday holatlar Qum shahrida boshlangan va Eronning 31 viloyatidan 25 tasiga tarqalib ketgan, ayrim ota-onalar bolalarni maktabdan olib chiqib, norozilik bildirgan. Ba’zi siyosatchilar esa bu holatda qizlarning ta’lim olishiga qarshi bo‘lgan diniy guruhlarni ayblagan. 

Ta’kidlash joizki, Eronda bunday holat 2014 yilda ham sodir bo‘lgan. O‘shanda islomiy kiyinish qoidalarini buzgan ayollarni qo‘rqitish uchun kislotali hujumlar uyushtirilgan. Bundan norozi xalq esa Isfaxonda ko‘chaga chiqqan. 2022 yil sentyabrda Mahsa Amini o‘limidan so‘ng butun mamlakatni qamrab olgan norozilik namoyishlaridan keyin maktablarda gazdan zaharlanish holati kuzatilgani vaziyatni yanada chigallashtirgan.

“Endi Eron qizlari majburiy hijobga qarshi kurashganliklari uchun haq to‘layapti va ruhoniylar tomonidan zaharlanyapti”, deb yozgan Nyu-Yorkda istiqomat qiluvchi yetakchi eronlik aktivist Masih Alinajot o‘z Twitter’ida.

Rasmiylar esa namoyishlar yana avj olib ketishidan hadiksirab, zaharlanish holatlariz kamayganini aytmoqda. Shuningdek, ular bu hujumlardan davlat dushmanlari diniy idoraga putur yetkazish maqsadida foydalanganini ta’kidlamoqda. Sud tergovi esa hamon davom etmoqda, ammo xulosalar haqida hozircha ma’lumot berilmagan. Davlat matbuotida Borujerd shahrida kamida bitta o‘g‘il bolalar maktabi ham nishonga olingani aytilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Homanaiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing