O‘qituvchining “otpuska” pulidan foiz olmasa bo‘lardi — deputat banklarning 1 foizlik “boj”iga qarshi chiqdi
Jamiyat
−
17 iyul 2021
15479Xalq demokratik partiyasining O‘rta Chirchiq tuman kengashi raisi, xalq deputatlari tuman Kengashi deputati Feruza Babasheva O‘zbekistondagi bank tizimini va uning faoliyatini tanqid ostiga oldi. Deputat o‘z fikrlarini Facebookdagi shaxsiy sahifasidagi jonli efir paytida ochiq bayon etgan.
Feruza Babashevaning aytishicha, bugungi kunda juda ko‘p pedagoglar O‘zbekistondagi ayrim banklardan norozi. Sababi, ular o‘z maoshlarini naqd pul qilib olish uchun bankga murojaat qilishganida o‘sha bankning mijozi bo‘lishlariga qaramasdan pullari foiz evaziga yechib berilmoqda.
“Hozir barcha o‘qituvchilar ta’tilga chiqishdi va ularning “otpuska” pullari o‘z plastik kartalariga tushgan. “Agrobank”ning mijozlari bo‘lgan o‘qituvchilar plastik kartalaridagi pulni naqd qilish uchun o‘sha bankga murojaat qilishganida 1 foizdan ushlab qolishgan. Qolgan paytlari mayli, lekin shu “otpuska” pullaridan foiz ushlab qolmasa bo‘lardi.
O‘qituvchilar aytyapti, “Masalan, ikki million so‘mni naqdlashtirmoqchi bo‘lsak, nima uchun yigirma ming so‘m ushlab qolishyapti? O‘zimiz ishlagan oylikni to‘liq ololmaymizmi? Plastik kartalarimiz “Agrobank”da bo‘lsa…”, deyishyapti. Shuncha yil ishlab va bitta bankning mijozi bo‘la turib “otpuska” pullarini to‘liq ololmagan juda ko‘p pedagoglar murojaat qilyapti. Ular o‘sha bankning mijozi bo‘lsa, hech bo‘lmaganda 0,5 foizdan olib qolsa bo‘ladi-ku”, deydi Feruza Babasheva.
Deputat so‘zida davom etarkan, agar fuqaro bir bankning mijozi bo‘lsa va u plastik kartasidagi pullarni aynan o‘sha bankdan naqd qilib olmoqchi bo‘lsa, unga maxsus “lgota” berilishi kerakligiga ham to‘xtaldi. Bunday bonuslar chet davlatlardagi qator banklar faoliyatida juda yaxshi yo‘lga qo‘yilganini, agar mijoz xarid qilsa va o‘sha bankning plastik kartasidan foydalansa, bank unga yana qo‘shimcha tarzda ma’lum miqdorda mablag‘ taklif qilishini ham aytib o‘tdi. Uning ta’rificha O‘zbekistonda faqat “yulish-yulish”.
“Bir o‘qituvchi menga ikki million so‘m naqd qilmoqchi bo‘lganini va bir million to‘qqiz yuz sakson ming so‘m olganini aytdi. Shuningdek, undan yigirma ming so‘m ushlab qolishganidan norozi ekanligini ham bildirdi. “Agar men o‘sha yigirma ming so‘mga bir litr yog‘ olsam, bolalarim bilan bir hafta iste’mol qilar edik”, degan gapi meni juda ta’sirlantirdi. Bunday o‘ylab qarasam o‘sha yigirma ming so‘m ham bugungi kunda har birimiz uchun katta pul.
Menimcha, bu kabi muammolarni hududiy filiallar hal qilmaydi. Buning uchun Markaziy bankga chiqish kerak. Banklar o‘qituvchilar, bog‘cha tarbiyachilari va shifokorlar oyligidan “yulib” qolmasa bo‘lardi!”, deydi Babasheva.
O‘rta Chirchiq tuman kengashi raisi Feruza Babasheva yuqoridagi fikrlardan mutasaddilar tegishli xulosa chiqarishlari lozimligini, O‘zbekistondagi bank tizimi haqida jiddiy o‘ylab ko‘rish kerakligini va bunday holatlar katta fojia ekanini ham ta’kidlagan. Deputat jonli efir so‘ngida o‘z kuzatuvchilaridan kelgan fikrlarni o‘qir ekan, bir obunachisining “O‘zbekistondagi eng o‘g‘ri bank– “Agrobank”, degan izohiga “shu fikrga kelishdan boshqa ilojimiz yo‘q”, deya fikr bildirdi.
Feruza Babasheva mazkur masalani o‘zi uchun qayd qilib olganini va kelgusi sessiyalarda banklar chaqirilgan paytda, albatta, ko‘tarishini ma’lum qilgan.
LiveBarchasi