O‘qituvchilar sazoyi qilinishi ortidan yana ikki rahbar “uchdi”
Jamiyat
−
14 fevral 2022 10510 2 daqiqa
Andijon viloyati Marhamat tumanidagi 72-IDUM o‘qituvchilari o‘quvchilarning ota-onasidan uzr so‘rashga majburlangani ortidan maktab direktori hamda Marhamat tumani Xalq ta’limi bo‘limi mudiri vazifasidan ozod etildi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov Marhamatdagi holatni o‘rganish hamda o‘qituvchilar bilan uchrashish maqsadida Andijon viloyatiga borgan.
Ma’lum qilinishicha, 72-IDUM o‘qituvchilari bilan o‘tkazilgan bevosita suhbat natijalariga ko‘ra, maktab direktori hamda Marhamat tumani xalq ta’limi bo‘limi mudirini vazifasidan ozod etish bo‘yicha xulosaga kelingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Marhamat tuman hokimining Yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Muxtor Qurbonovni lavozimidan ozod qilindi, tuman hokimi Bobur Yo‘ldoshevga “hayfsan” intizomiy jazosi tayinlangandi.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 8 fevral kuni Andijon viloyati Marhamat tumanidagi maktablardan birida o‘qituvchilar ta’lim sifati, o‘quvchilarning oliygohlarga kirish ko‘rsatkichi pastligi uchun ota-onalar oldida bosh egib, kechirim so‘rashga majbur qilingani haqida xabar bergan edik.
9 fevral kuni Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov holatga munosabat bildirib, o‘qituvchilardan uzr so‘radi.
Qolaversa, Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Mirkomilov Marhamat tumanida o‘qituvchilarni o‘quvchilarning ota-onasidan uzr so‘ratish tuman hokimi Boburjon Yo‘ldoshevning tashabbusi bo‘lganini ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, maktab o‘qituvchilari va ota-onalar yig‘ilishi Marhamat tumani hokimidan chiqqan tashabbus bo‘lib barcha maktablarda o‘tkazishga topshiriq berilgan. Shu sababdan XTB boshlig‘i tuman hokimining mazkur holat bo‘yicha shaxsan o‘zining munosabat berishini qat’iy talab qilgan.
Shuningdek, ushbu ish o‘rganish natijalari qonuniy baho berish uchun Bosh prokuraturaga yuborilgan.
Live
Barchasi