O‘qishga kiritish masalasida 115 nafar ta’lim xodimi jinoiy ishga qo‘l urgan
Jamiyat
−
18 yanvar 2020
4284O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev bugun, 18 yanvar kuni o‘tkazilgan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika Idoralararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida ta’lim sohasidagi korrupsiya haqida so‘z yuritdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘qishga kiritish vaji bilan 115 nafar, jumladan, 58 nafar oliy va 57 nafar o‘rta maxsus ta’lim xodimlari jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Masalan, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti o‘qituvchisi K. fuqaro D.ni institutning buxgalteriya fakulteti sirtqi yo‘nalishiga o‘qishga kiritish uchun 10 ming AQSH dollari olganda ushlangan.
Shuningdek, Qarshi davlat universitetining prorektori N. maxsus sirtqi bo‘limga kirish imtihonlaridan o‘ta olmagan O.ni o‘qishga kirishida yordam berish vaji bilan 3 mingAQSH dollari olgani uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Bundan tashqari, Farg‘ona davlat universiteti o‘qituvchisi S. qabul komissiya a’zosi ekanligidan foydalanib, fuqaro A.ni ijodiy imtihondan yuqori ball olishida yordam berish evaziga 6 ming AQSH dollari olganda ushlangan.
So‘nggi ikki yilda 21 nafar talabaning bunday jinoyatlarga aralashib javobgarlikka tortilganligi tizimdagi korrupsiya oqibati sifatida keskin tanqidga olindi.
Nukus davlat pedagogika instituti sobiq rektori va prorektori magistratura bosqichiga sinovdan o‘tgan 55 nafar talabgorning imtihon natijalarini soxtalashtirgan. Mazkur holat bo‘yicha aybdor shaxslarning jinoiy javobgarlik masalasi hal qilingan.
Muqaddam oliy ta’lim sohasida ishlab, ta’lim bilan bog‘liq poraxo‘rlik va firibgarlik jinoyatlari uchun 4 marotaba sudlangan U. Oliy ta’lim vazirligida mas’ul lavozimda ishlab, ta’lim bilan bog‘liq qator jinoyatlarga qo‘l urgan.
Jumladan, U. Rossiya va Ukraina tibbiyot oliygohlarida ta’lim olayotgan ikki nafar talabaning o‘qishini Toshkentdagi oliygohlarga ko‘chirish uchun 4 ming AQSH dollari olganligi fosh etilgan. Bundan tashqari, tergovda, U. yana 6 ta holatda o‘qishga kiritish, talabalarning o‘qishini tiklash va ko‘chirish masalasini hal qilishga va’da berib, 14 ming AQSH dollarini pora tariqasida olganligi aniqlangan.
Sarvar Anvar o‘g‘li
LiveBarchasi